
O‘zbekiston va Turkmaniston Kaspiy orqali yangi transport yo‘lagini muhokama qildi
05.08.2025 | 21:2027512
BMTning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Maxkamov Turkmanistonning mas’ul vazirlari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda ikki tomonlama transport aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha bir qator amaliy masalalar muhokama qilingan.
Maxkamov Turkmanistonning avtomobil transporti vaziri Begench Annadurdiyev va temir yo‘l transporti vaziri Mammet Akmammedov bilan suhbatlashgan. Tomonlar o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, xususan, avtomobil va temir yo‘l orqali yuk tashish sohalarida imkoniyatlarni kengaytirish muhimligini ta’kidlagan.
Ma’lum bo‘lishicha, alohida e’tibor xalqaro multimodal transport yo‘laklarini rivojlantirish masalasiga qaratilgan. Turkmanistonning Kaspiy dengizidagi portlaridan foydalangan holda xalqaro multimodal transport yo‘laklarini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar muhokama etilgan.





