Logo

Xivada Xitoy universiteti filiali ochiladi

Bugun 20:551 daqiqa

Bitiruvchilarga ham O‘zbekiston, ham Xitoyda tan olinadigan diplom beriladi.

Xivada Xitoy universiteti filiali ochiladi © Foto: president.uz

2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Xiva shahrida Xitoyning yetakchi oliygohlaridan biri – Lyaonin pedagogika universitetining filiali o‘z faoliyatini boshlaydi. Oliygoh mehnat bozori va iqtisodiyot uchun eng talabgir bo‘lgan xalqaro biznes hamda sun’iy intellekt mutaxassislarini tayyorlaydi. Bu haqda ta’lim sohasidagi navbatdagi rejalar yuzasidan Prezidentga qilingan taqdimotda ma’lum qilindi.

Taqdimotda aytilishicha, Lyaonin universiteti Xitoyning pedagogika, psixologiya, xitoy tili filologiyasi va ta’lim fanlari bo‘yicha eng katta tajribaga ega yetakchi oliygohlaridan biri hisoblanadi. Yangi filial iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan, xitoy tilini biladigan kadrlar tayyorlashga ixtisoslashadi.

Qayd etilishicha, ta’lim muassasasida xalqaro xitoy tili ta’limi, xalqaro biznes, turizm boshqaruvi va sun’iy intellekt yo‘nalishlari ochilishi ko‘zda tutilmoqda. Ta’lim jarayonlari o‘zbek, xitoy va ingliz tillarida olib boriladi hamda bitiruvchilarga ham O‘zbekiston, ham Xitoyda tan olinadigan diplom beriladi.

Ta’kidlanishicha, bundan tashqari, ushbu filialning mahalliy oliygohlar bilan akademik hamkorligini va qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Xitoy tajribasi asosida mahalliy texnikumlar dasturlari takomillashtirilib, maktablarning informatika o‘qituvchilari uchun sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Teglar

Mavzuga oid