Logo

O‘zbekistonda natija bermagan qishloq xo‘jaligi subsidiyalarini qaytarish mexanizmi joriy etiladi

Bugun 13:433 daqiqa

Prezident 2027 yildan qishloq xo‘jaligi subsidiyalarini xarajatlarni qoplashga emas, hosildorlik, suv va energiya tejamkorligi kabi aniq natijalarga bog‘lash taklif etilgan taqdimot bilan tanishdi.

O‘zbekistonda natija bermagan qishloq xo‘jaligi subsidiyalarini qaytarish mexanizmi joriy etiladi © president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev agrar sohada subsidiyalarni ajratish va sug‘urtalash tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kengayib, subsidiyalarni ajratish jarayonlari bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. 2026 yilda sohadagi subsidiyalar 29 ta yo‘nalish va 91 ta turga yetkazilgan. Buning uchun 2,7 trln so‘m mablag‘ ko‘zda tutilgan.

Ayrim yo‘nalishlarda arizalar proaktiv shakllantirilmoqda, to‘lov muddatlari esa qisqartirilgan.

Subsidiyalar natijaga qarab beriladi

Taqdimotda subsidiyalarni shunchaki xarajatlarni qoplashga emas, aniq natijaga bog‘lash zarurligi ta’kidlandi. Shu sababli 2027 yildan «mablag‘ ajratish» modelidan «natijaviy subsidiya» modeliga bosqichma-bosqich o‘tish taklif qilindi.

Yangi tizimda hosildorlik, suv va energiya tejamkorligi, sarflangan resurslar evaziga olingan mahsulot hajmi asosiy mezon bo‘ladi.

Har bir subsidiya oluvchining elektron pasporti shakllantirilib, natijalar onlayn kuzatib boriladi. Bunda zarur ma’lumotlar davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlaridan inson omilisiz olinadi.

Dastlab yangi mexanizm suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda sinovdan o‘tkaziladi. Subsidiya ajratilgandan keyin ikki-uch yil davomida suv sarfi, hosildorlik va suv unumdorligi baholanadi.

Belgilangan ko‘rsatkichlar bajarilmasa, subsidiya mablag‘larini qaytarish mexanizmi qo‘llaniladi.

Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi kengaytiriladi

Taqdimotda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi tizimini takomillashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Hozirda «Agrosafe» tizimi orqali elektron ariza berish, shartnoma va polisni rasmiylashtirish, monitoring, ekspertiza hamda sug‘urta tovonini to‘lash jarayonlari raqamlashtirilgan.

Sug‘urta qamrovini kengaytirish doirasida bog‘ va uzumzorlardagi ko‘chat va daraxtlar, import qilingan chorva hamda tasodifiy hodisalar bilan bog‘liq xavflarni sug‘urtalash rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, chorvachilik, polizchilik, kartoshka va piyoz yetishtirish uchun yangi sug‘urta mahsulotlari joriy etiladi.

2027 yilda 45 mingta qishloq xo‘jaligi korxonasini sug‘urta bilan qamrab olish, mahsulotlarning sug‘urta qamrovini 60 foizga yetkazish, 500 nafar mustaqil ekspert tayyorlash va sug‘urta xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish maqsad qilingan.

Sug‘urta mukofotining bir qismi xavflarning oldini olishga sarflanadi

Yangi yondashuvda sug‘urta orqali zarar oqibatlarini qoplash bilan birga, xavflarning oldini olishga ham e’tibor qaratiladi.

Shu maqsadda sug‘urta mukofotining 3–5 foizini maxsus jamg‘armada shakllantirib, chorvachilikda vaksinatsiya, profilaktika va veterinariya xizmatlariga yo‘naltirish taklif qilindi.

Paxta va g‘allachilikda biologik himoya tadbirlari, bog‘dorchilik va uzumchilikda esa tabiiy ofatlardan himoyalanish vositalarini o‘rnatish ushbu mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilishi mumkin.

Prezident subsidiya va sug‘urta tizimlari fermerlar uchun sodda va qulay bo‘lishi, davlat mablag‘lari esa aniq natijaga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.

Mutasaddilarga jarayonlarda inson omilini qisqartirish, shaffoflikni ta’minlash, sug‘urta hodisalarini adolatli baholash va tovon pullarini tezkor to‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Tegishli huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqib, kiritish vazifasi topshirildi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda natija bermagan qishloq xo‘jaligi subsidiyalarini qaytarish mexanizmi joriy etiladi | Vaqt.uz