Logo

Markaziy bank 2030 yilgacha Fintech texnologiyalarini rivojlantirish milliy strategiyasini tasdiqladi

Bugun 08:555 daqiqa

Regulyator yangi strategiyada xalqaro pul o‘tkazmalari, biznesni moliyalashtirish va raqamli xizmatlardagi muammolarni hal etishni rejalashtirgan.

Markaziy bank 2030 yilgacha Fintech texnologiyalarini rivojlantirish milliy strategiyasini tasdiqladi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekiston Markaziy banki 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Fintech texnologiyalarini rivojlantirish milliy strategiyasini tasdiqladi.

Strategiyaning asosiy maqsadi — 2030 yil oxiriga qadar O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda fintech kompaniyalari uchun eng jozibador yurisdiksiyaga aylantirish, shuningdek, aholi va biznesning xavfsiz raqamli moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.

Strategiyani amalga oshirish uch bosqichga bo‘lingan:

●     2026–2027 yillarda fintech bozori uchun bazoviy infratuzilmani shakllantirish;

●     2028–2029 yillarda Open Banking tizimini ishga tushirish, raqamli identifikatsiyani va to‘lov tizimlari integratsiyasini kengaytirish;

●     2030 yilga kelib esa O‘zbekistonni mintaqaviy fintech markazi sifatida mustahkamlash.

Strategiyaning yo‘nalishlaridan biri fintech kompaniyalarini g‘oya paydo bo‘lishidan tortib biznesni kengaytirish bosqichigacha qo‘llab-quvvatlaydigan ekotizim yaratishni nazarda tutadi.

Ushbu tizim tarkibiga Innovatsion xab, «tartibga solish qumdoni» (regulatory sandbox), kadrlar tayyorlash tizimi, moliyalashtirish mexanizmlari hamda banklarning fintech kompaniyalari bilan hamkorlik qilish vositalari kiradi. Startaplar inkubatsiya, tartibga solinadigan muhitda sinovdan o‘tkazish, litsenziyalash va keyinchalik faoliyatini kengaytirish bosqichlaridan o‘tishi mumkin bo‘ladi.

Taqdimotda prezident tomonidan avval ma’lum qilingan Markaziy bank huzurida Fintech-ofis va Innovatsion xab tashkil etish, ularga Singapur mutaxassislarini jalb qilish rejalari ham keltirilgan.

2030 yilgacha har yili 20–30 ta fintech startapni xorijiy bozorlarga chiqishga tayyorlash hamda sohaga 1 mlrd dollargacha investitsiya jalb qilish uchun sharoit yaratish rejalashtirilmoqda.

Open Banking va raqamli ID

Strategiyaning alohida yo‘nalishi raqamli moliya infratuzilmasini yaratishga bag‘ishlangan.

Open Banking — ochiq bank tizimi va ochiq API'larni rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Ular moliyaviy tashkilotlar va boshqa bozor ishtirokchilariga mijoz roziligi asosida ma’lumotlarni xavfsiz almashish imkonini beradi. Bu yangi biznes modellarining paydo bo‘lishi, raqobatning kuchayishi va moliyaviy xizmatlarning rivojlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov avvalroq Open Banking joriy etilishi fintech kompaniyalariga an’anaviy bank bozoriga kirib, banklar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlardan ayrimlarini taklif qilish imkonini berishini aytgan. Uning fikricha, bunday kompaniyalarning samarali faoliyati bozorda raqobat va innovatsiyalarni rag‘batlantirishi mumkin.

Bundan tashqari, mijozlarni masofadan identifikatsiya qilish, firibgarlikning oldini olish va moliyaviy xizmatlardan foydalanishni soddalashtirish uchun raqamli identifikatsiya tizimini takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

2026–2027 yillarda raqamli ID'dan foydalanish bo‘yicha pilot loyihalarni boshlash, 2028–2029 yillarda esa ushbu infratuzilmani butun moliya sektoriga tatbiq etish rejalashtirilgan.

Raqamli aktivlar va sun’iy intellekt

Strategiya nazorat qilinadigan muhitda real aktivlarni, jumladan qimmatli qog‘ozlarni tokenizatsiya qilish bo‘yicha tajribalar o‘tkazishga imkon beradi. Shuningdek, turli moliyaviy xizmatlarning o‘zaro ishlash mexanizmlarini sinovdan o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Markaziy bank moliya sohasida sun’iy intellektdan foydalanishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, tegishli pilot loyihalarni ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

Sun’iy intellekt nazorat faoliyatida, xususan, moliyaviy jinoyatlarni aniqlashda ham qo‘llanishi mumkin. Strategiyada SupTech — nazorat texnologiyalarini rivojlantirish, API orqali ma’lumotlarni avtomatik yig‘ish, operatsion hodisalarni monitoring qilish va moliyaviy tashkilotlarning kiberxavfsizligi ustidan nazoratni kuchaytirish nazarda tutilgan.

Markaziy bankning raqamli valutasi va transchegaraviy to‘lovlar

Strategiyadagi takliflardan biri mintaqaviy moliyaviy integratsiyani rivojlantirish bilan bog‘liq. Taqdimotda Markaziy bankning ulgurji raqamli valutasi — wholesale CBDC (wCBDC) ni joriy etish tashabbusi ham qayd etilgan.

U mintaqadagi o‘zaro bog‘langan to‘lov tizimlarini rivojlantirish, transchegaraviy operatsiyalarni soddalashtirish va pul o‘tkazmalari qiymatini kamaytirish bilan bir qatorda ko‘rib chiqilmoqda.

Xalqaro pul o‘tkazmalarida komissiyalar va valuta kurslari bo‘yicha shaffoflikni oshirish, savdoni moliyalashtirish uchun raqamli vositalarni rivojlantirish ham rejalashtirilgan.

2028–2029 yillarda mintaqaviy to‘lov tizimlarini integratsiya qilish bo‘yicha tashabbuslar va transchegaraviy pilot loyihalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston mintaqaviy fintech xabiga aylanishni maqsad qilmoqda

Strategiyaning yana bir yo‘nalishi xorijiy fintech kompaniyalari va investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan.

Buning uchun Innovatsion xab, Enterprise Uzbekistan loyihasi, Toshkent xalqaro moliya markazidan foydalanish, shuningdek, Silk Road Finance & Technology Forumni o‘tkazish va xorijiy fintech xablari bilan hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

2030 yilga kelib O‘zbekistonni moliyaviy texnologiyalar sohasida investitsiyalar va innovatsiyalar uchun mintaqaviy markazga aylantirish, xalqaro kompaniyalar ishtirokini kengaytirish va Markaziy Osiyoning moliyaviy integratsiyasini chuqurlashtirish ko‘zda tutilgan.

Iste’molchilarni himoya qilish va firibgarlikka qarshi kurash

Strategiya yangi moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish bilan bir qatorda mijozlarni himoya qilishni kuchaytirishni ham nazarda tutadi.

Butun moliya sektorida firibgarlikka qarshi muvofiqlashtirilgan tizim yaratish, kredit mahsulotlarining shaffofligini oshirish, kredit axboroti tizimini takomillashtirish va aholining moliyaviy savodxonligini rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

Tartibga solish riskka yo‘naltirilgan tamoyil asosida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Bunda bozor ishtirokchilariga qo‘yiladigan talablar ularning faoliyati ko‘lami va xavf darajasiga qarab farqlanadi. Shu bilan birga, iste’molchilar huquqlariga rioya etilishi va moliyaviy tashkilotlarning xizmat shartlarini mijozlarga qanchalik tushunarli tarzda ochiqlashi ustidan nazorat kuchaytiriladi.

Markaziy bank bozorning asosiy muammolari sifatida nimalarni ko‘rsatdi?

Markaziy bank taqdimotida strategiya orqali hal qilinishi kerak bo‘lgan bir qator muammolar qayd etilgan. Ular qatorida xalqaro pul o‘tkazmalari qamrovining cheklangani, kichik va o‘rta biznesning moliyalashtirish imkoniyatlari yetarli emasligi, aholining turli guruhlari o‘rtasida moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlaridagi tafovut, raqamli xizmatlar iste’molchilari uchun ortib borayotgan xavflar va uzoq muddatli moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyoj keltirilgan.

Taqdimot ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining 94 foizi internetdan foydalanadi, raqamli to‘lovlardan foydalanish darajasi qariyb 72 foizni tashkil etadi. Masofaviy bank xizmatlaridan foydalanuvchilar soni esa qariyb 70 foizga oshgan.

Markaziy bank strategiyaning asosiy kutilayotgan natijalari sifatida fintech kompaniyalari va xorijiy investitsiyalar sonining ko‘payishi, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish imkoniyatlarining kengayishi, raqamli moliyaviy xizmatlarning ommabopligi va xavfsizligining oshishi, transchegaraviy to‘lov infratuzilmasining rivojlanishi hamda mintaqaviy integratsiyaning kuchayishini ko‘rsatgan.

Teglar

Mavzuga oid