Oktyabrda qor yog‘adimi? O‘zgidromet oylik ob-havo prognozini e’lon qildi
Oy davomida sovuq oqimlarning kirib kelishi hisobiga harorat pasayishi va ayrim joylarda kuchli yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda.

Joriy yilning oktabr oyi O‘zbekistonda beqaror ob-havo bilan boshlanadi. Oy davomida haroratning keskin o‘zgarib turishi, baland tog‘li hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi va qator viloyatlarda yog‘ingarchilik me’yordan ko‘p bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1-oktabr kuni respublikaning markaziy va sharqiy viloyatlarida nam va nisbatan salqin havo oqimi ta’siri saqlanib qoladi. Ayrim joylarda yomg‘ir yog‘adi, baland tog‘li hududlarda esa yomg‘ir qorga aylanishi mumkin. 2-4-oktabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi va harorat ko‘tariladi. Ammo 4-oktabrda shimoli-g‘arbdan yangi sovuq oqim kirib kelib, 5-7-oktabr kunlari butun O‘zbekiston hududiga tarqaladi.
Haroratning bunday tez-tez o‘zgarib turishi oktabr oyining oxirigacha davom etadi. Oy davomida kunduzi harorat +25...+28 darajagacha ko‘tariladigan iliq kunlar vaqti-vaqti bilan salqinlashish davrlari bilan almashib turadi. Sovuq havo kirib kelganda kechasi harorat +3...+8 darajagacha, kunduzi esa +15...+20 darajagacha pasayadi. Shimoliy hududlarda salqinlashish yanada kuchliroq sezilib, harorat kechasi 0...-2 daraja sovuqqacha tushishi taxmin qilinmoqda. Umuman olganda, oktabrda o‘rtacha harorat iqlim me’yori atrofida va ba’zi joylarda undan yuqori bo‘ladi.
Yog‘ingarchilik miqdori hududlar bo‘ylab notekis taqsimlanadi. Taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, respublikaning shimolida yog‘ingarchilik me’yordan kam, markaziy va janubi-sharqiy hududlarda me’yor atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Biroq Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari, shuningdek, Farg‘ona vodiysining ayrim tumanlarida yog‘ingarchilik miqdori me’yordan ko‘p bo‘lishi ehtimoli bor.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda 150 yildan ortiq kuzatuvlar tarixida oktabr oyidagi eng past harorat Toshkentda 1909 yilda qayd etilgan bo‘lib, -11,2 daraja sovuqni tashkil qilgan.
XXI asrdagi eng seryog‘in oktabr esa 2015 yilda kuzatilgan bo‘lib, o‘shanda Toshkentda oylik me’yordan 4 barobar ko‘p (88 mm) yomg‘ir yoqqan. Oktyabrda havoning keskin sovib ketishi natijasida yomg‘irning qorga aylanishi esa juda kamdan-kam – har 8-10 yilda bir marta kuzatiladigan hodisa hisoblanadi.





