
O‘zbekistonda yil boshidan buyon 2,5 tonnaga yaqin giyohvand moddalar ushlab qolindi
Bu haqda Prezident huzurida bo‘lib o‘tgan taqdimotda ma’lum qilindi. Narkojinoyatlarning oldini olish bo‘yicha qator topshiriqlar berildi.

Shavkat Mirziyoyev 3 noyabr kuni millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish, kiberjinoyatlarga qarshi samarali kurashish hamda prokuror nazoratini raqamlashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tahlillarga ko‘ra, dunyoda 400 milliondan ortiq odam bu illatga duchor bo‘lgan, uning oqibatida yiliga 300 mingga yaqin odam vafot etyapti.
Taqdimotda qayd etilishicha, O‘zbekistonda yil boshidan buyon 11 mingdan ziyod narkojinoyat aniqlanib, 2,5 tonnaga yaqin giyohvand moddalar ushlab qolindi.
Yig‘ilishda sohadagi mavjud salbiy tendensiyalar tahlil qilindi. Jumladan, keyingi paytlarda iste’moli oson, yashirish va tarqatish qulay dori shaklidagi psixotrop va sintetik moddalar an’anaviy narkotiklar o‘rnini egallamoqda. Ularning tarqalishi asosan yoshlar orasida yuz bermoqda, sintetik narkotiklar yashirin narkolaboratoriyalarda tayyorlanib, internet orqali kontaktsiz shaklda o‘tkazilmoqda. Narkotiklarni tarqatish manbasi bo‘lgan uyushgan jinoyatchilik transchegaraviy xususiyatga ega.
– Shu bois, milliy qonunchiligimizga mana shunday xavf-xatarlarning oldini olish, ularga qarshi ayovsiz kurashish, bunday illatni tag-tomiri bilan yo‘qotishga qaratilgan normalarni kiritish vaqti keldi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilar narkotiklarning noqonuniy aylanishiga barham berish bo‘yicha reja va takliflarini taqdimot qildi. Jumladan, aholi salomatligi va millat genofondini ushbu xavfdan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar hamda mexanizmlar taklif sifatida kiritildi.
Bunda o‘quvchi va talabalar orasida narkotiklarning tarqalishiga batamom chek qo‘yish, yoshlarda bu illatga murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan ta’sirchan amaliy harakatlarni amalga oshirishni barcha mas’ul organlar va tashkilotlarning ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilash zarurligi alohida qayd etildi.
Taqdimotda 100 dan ziyod tezkor-profilaktik, tashkiliy-tarbiyaviy, targ‘ibot-tashviqot chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. Shuningdek, mazkur jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi loyihasi davlat rahbari tomonidan ma’qullandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyati Urgut tumanida Tojikistondan 9 kilogramga yaqin giyohvandlik vositasi olib kirmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik.





