O‘zbekistonga sayohat maqsadida qaysi davlat fuqarolari eng ko‘p tashrif buyurmoqda?
2026-yilning yanvar–oktabr oylarida mamlakatga turistik maqsadlarda kelgan xorijliklar soni 11,6 milliontani tashkil etdi.
© Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva2026-yilning yanvar–oktabr oylarida 11 mln 622 ming 103 nafar chet el fuqarosi turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 1,9 mln nafarga ko‘p. Yillik o‘sish sur’ati 19,4 foizni tashkil etgan.
Statistikaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, hamon qo‘shni davlatlardan kelgan turistlar soni katta ulushni tashkil etmoqda. Xususan, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston O‘zbekistonga eng ko‘p turist yuborgan mamlakatlar uchligiga kirgan.
10 oy davomida Qirg‘izistondan 3 mln 180 ming 403 nafar fuqaro kelgan. Qozog‘istondan 2 mln 703 ming 401 nafar, Tojikistondan esa 2 mln 553 ming 147 nafar sayyoh qayd etilgan. Ushbu uch mamlakatdan kelganlar jami 8,4 mln nafardan oshgan.
Rossiyadan kelgan turistlar soni 1 mln 104 ming 57 nafarni tashkil etgan. Afg‘onistondan 432 ming 651 nafar, Xitoydan 430 ming 326 nafar fuqaro O‘zbekistonga kelgan.
Turkmanistondan 289 ming 933 nafar, Turkiyadan 169 ming 553 nafar tashrif buyuruvchi qayd etilgan.
TOP-10 talikning so‘nggi ikki pog‘onasidan Hindiston va Germaniya joy olgan. Hindistondan 64 ming 344 nafar, Germaniyadan esa 50 ming 846 nafar fuqaro kelgan.
Avvalroq O‘zbekiston Qozog‘iston va Xitoy bilan aviaqatnovlar sonini oshirayotgani xabar qilingandi.
Shuningdek, Vaqt.uz dunyoning yirik iqtisodiyotlarida turizm sohasi qancha daromad keltirayotgani haqida tahliliy material e’lon qilgandi.





