
Popda o‘rmon xo‘jaligi yerlarini «pullagan» mansabdorlar aniqlandi
Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligida yer, ijara va noruda materiallar bilan bog‘liq korrupsiya holatlari aniqlandi.

Joriy yil yanvar oyi boshida tuzilgan ishchi guruh tomonidan Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligiga tegishli hududlarda o‘rmon xo‘jaligi yerlaridan maqsadli foydalanish holati tekshirildi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, yerdan foydalanish tartibi qo‘pol ravishda buzilgani, ijara munosabatlarida qonun talablariga amal qilinmagani hamda davlat manfaatlariga katta miqdorda zarar yetkazilgani aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, xo‘jalik yerlarini ijaraga olgan besh nafar tadbirkor tegishli ruxsatnomalarsiz bino va inshootlar qurgan, ayrim yer uchastkalarining ixtisoslashuvi o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirilgan. Mansabdor shaxslarning nazoratsizligi va vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashuvi ushbu qonunbuzarliklarga sharoit yaratgan.
Ijara to‘lovlari undirilmagan
Shuningdek, 460 nafar ijarachidan ijara to‘lovlari undirilmagani sababli davlat manfaatlariga 1 mlrd 480 mln so‘m zarar yetkazilgani qayd etildi. Bu holat moliyaviy intizomning yo‘qligi va ichki nazorat mexanizmlarining samarasizligini ko‘rsatadi.
Tekshiruv davomida o‘rmon xo‘jaligi mansabdorlari ayrim ijarachilar bilan til biriktirgan holda 2023–2025 yillarda jami 5356 kub metr noruda materiallarni noqonuniy qazib olgani ma’lum qilindi. Ushbu harakatlar oqibatida davlatga qo‘shimcha ravishda 1 mlrd 322 mln so‘m zarar yetgan.
Noqonuniy yer sotish
Bundan tashqari, tezkor tadbirlar davomida o‘rmon xo‘jaligining bo‘lim o‘rmonbegisi yer uchastkasini turar joy sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 15 ming AQSH dollari olgan vaqtda ushlandi. Keyinchalik ushbu puldan 500 dollar olgan Davlat kadastrlar palatasining Pop tuman filiali mutaxassisi ham qo‘lga olindi.
Yana bir holatda, o‘rmon xo‘jaligi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi shaxs yerni elektron auksionsiz ijaraga berish evaziga 10 ming dollar talab qilgan. Barcha holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Aniqlangan holatlar yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tezkor tadbirlar davomida pora olish bilan bog‘liq holatlar ham fosh etildi. Xususan, Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda bir qator mansabdor shaxslar ashyoviy dalillar bilan ushlandi.





