add

Qozog‘istonning BI Group kompaniyasi O‘zbekistonda zavod va o‘quv markazi quradi

21.08.2025 | 16:304223

Qozog‘istonning yirik qurilish xoldingi BI Group O‘zbekistonda prefabrikatsiya zavodlari va yillik 5 ming mutaxassis tayyorlaydigan o‘quv-trening markazi qurishini ma’lum qildi.

Qozog‘istonning BI Group kompaniyasi O‘zbekistonda zavod va o‘quv markazi quradi
Bu haqda kompaniya majoritar aksiyadori va direktorlar kengashi raisi Aydin Raximbayev 20 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan ochiq muloqotda ma’lum qildi. Raximbayevning aytishicha, xolding har yili 20 mingta uy-joy topshirib kelmoqda va 6 mamlakatda, jumladan, AQSH, BAA hamda O‘zbekistonda faoliyat yuritmoqda. Unga ko‘ra, O‘zbekiston kompaniya uchun strategik ustuvor hisoblanadi, chunki bu yerda qulay biznes muhiti va yaxshi investitsiya klimati yaratilgan. Loyiha doirasida Toshkentda Germaniya texnologiyasi asosida zamonaviy zavod qurilishi taklif qilindi. Yangi korxona 16 qavatli uylarni besh oy ichida tayyor holda qurish imkonini berishi aytilmoqda. Shuningdek, zavod fasad materiallari ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘yadi. Aydin Raximbayev O‘zbekistonda yillik 5 ming mutaxassis tayyorlaydigan o‘quv-trening markazi qurishga ham tayyorligini bildirdi. Bu yerda muhandislar, menejerlar va qurilish ustalari tayyorlanishi rejalashtirilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkor tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, ushbu loyihalar kompaniya uchun ham, O‘zbekiston uchun ham katta foyda keltirishini ta’kidladi. Forbes Kazakhstan ma’lumotlariga ko‘ra, Aydin Raximbayev Qozog‘istondagi eng boy biznesmenlar ichida 10-o‘rinni egallab, boyligi 967 mln dollar etib baholangan. Prefabrikatsiya — bu devor panellari, zinapoyalar, sanitariya modullari va boshqa elementlar kabi qurilish qismlarini zavod yoki ishlab chiqarish ob’ektida ishlab chiqarish, keyin ularni qurilish maydonchasiga etkazib berish va yig‘ish jarayoni. Boshqacha qilib aytganda, bu oldindan ishlab chiqarilgan prefabrik modullardan qurilish qismlarini yig‘ishdir.

Teglar

Mavzuga oid

Qozog‘istonning BI Group kompaniyasi O‘zbekistonda zavod va o‘quv markazi quradi | Vaqt.uz