
Rieltorlikka doir yangi milliy standart rasman tasdiqlandi
Ko‘chmas mulkni ishonchli boshqarishga oid 4-son rieltorlik standarti qabul qilinib, professional xizmat ko‘rsatish va shffof boshqaruv bo‘yicha talablar belgilandi.

Adliya vazirligi rieltorlik xizmatlariga oid navbatdagi muhim hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. «Ko‘chmas mulk ob’ektlarini ishonchli boshqarish» deb nomlangan 4-sonli Milliy standart 2025 yil 11-noyabrda 3701-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tdi.
Ushbu hujjat rieltorlik tashkilotlari tomonidan ko‘chmas mulk ob’ektlarini mulkdorlar manfaatlarini hisobga olgan holda professional asosda boshqarishni maqsad qilgan. Xizmatlar doirasiga ijaraga berish, ta’mirlash, texnik xizmat ko‘rsatish hamda moliyaviy boshqaruv (daromad va xarajatlar) kabi ishlar kiradi.
Standartga ko‘ra, ishonchli boshqaruvning tashkiliy asoslari, riyeltor va mulkdor o‘rtasidagi huquq va majburiyatlar, shartnoma tuzish tartibi hamda shffoflik va samaradorlik mezonlari aniq belgilangan.
Eng muhim jihati — faqat malakali xodimlarga ega bo‘lgan va rieltorlarning xulq-atvori kodeksiga rioya qiluvchi tashkilotlargina bu xizmatlarni ko‘rsatishi mumkin. Bu talablar orqali noqonuniy yoki past sifatli xizmatlar oldini olish maqsad qilingan.
Mazkur hujjat nafaqat ko‘chmas mulk sohasidagi huquqiy asoslarni mustahkamlaydi, balki bozorning barqaror rivojlanishi, mulkdorlar huquqlarining himoyasi va rieltorlik xizmatlari sifatini oshirish uchun asos yaratadi.





