add

Rossiya SSSR kabi iqtisodiy tanazzul xavfi ostonasida turibdi — RF Davlat dumasining byudjet rahbari

21.06.2025 | 10:4036745

Rossiya Davlat dumasi byudjet va soliqlar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Andrey Makarov mamlakat iqtisodiyoti SSSRning so‘nggi yillariga o‘xshash xavfli ssenariy sari harakatlanayotganini bildirdi. Uningcha, davlatning aholining talablarini qoplash imkoniyati cheklangan va resurslar tugab bormoqda.

Rossiya SSSR kabi iqtisodiy tanazzul xavfi ostonasida turibdi — RF Davlat dumasining byudjet rahbari
Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida o‘tkazilgan Sberning «ishbilarmonlik nonushtasi» tadbirida so‘zga chiqqan Andrey Makarov jiddiy ogohlantiruv bilan chiqdi. Uning ta’kidlashicha, SSSR Gorbachyov yoki Yelsin tufayli emas, balki davlat aholining farovonligini ta’minlashga mablag‘ topolmagani sababli parchalangan. «Talablar doim o‘sib boradi, davlat esa doimiy ravishda ularni qoplashga qodir emas», dedi Makarov. Uningcha, davlatning ortiqcha xarajatlar bilan iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash imkoniyati cheklangan, Fuqarolik sanoati va ijtimoiy sohalardagi xarajatlar yuqori bo‘lib, buni davlatning o‘zi bardosh bera olmaydi. Makarov moliya vazirligining ma’lumotlariga tayanadi. Unga ko‘ra, Milliy farovonlik jamg‘armasining likvid aktivlari 2022 yildan buyon uch barobar kamayib, 2025 yil 1 iyun holatiga ko‘ra 2,8 trln rublni tashkil qilgan. Rossiya prezidenti huzuridagi RANXiGS muassasasi esa bu mablag‘ 2026 yilgacha to‘liq tugashi mumkinligini taxmin qilmoqda. Makarov xususiy biznes ishtirokisiz milliy loyihalar muvaffaqiyatsiz bo‘lishini aytdi. Ammo ayni paytda davlatning mulkni tortib olishga oid siyosati, jumladan, muddatlarsiz da’vo imkoniyati orqali ko‘p kompaniyalarning milliylashtirilishi biznesning ishtirokiga to‘siq bo‘lmoqda. U joriy amaliyotlar xususiy mulk himoyasi institutini yo‘qqa chiqarayotganini qayd etib, hatto Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2001 yilda «halol yo‘l bilan mulk orttirganlarning huquqlarini himoya qilish»ni talab qilganini eslatdi. Makarov, shuningdek, Rossiyada iqtisodiy masalalarni muhokama qilish o‘rniga «doimiy dushman qidirish»ga o‘tilayotganini tanqid qildi. U bunday yondoshuvni «saviyasizlik va mablag‘ yechimini faqat pul bosishda ko‘radigan» shaxslar xatosi deb atadi. Uning gaplari «Yedinaya Rossiya» partiyasi vakili bo‘lgan, 14 yildan buyon Dumada muhim qo‘mitani boshqarib kelayotgan siyosatchining pozitsiyasi sifatida kutilmagan hodisa sifatida baholandi. Ayni kunlarda PXEFda boshqa rasmiylar ham shunga o‘xshash xavotirlar bildirgan. Markaziy bank rahbari Elvira Nabiullina Rossiya iqtisodiyoti o‘sishga sabab bo‘lgan resurslar tugab bitganini aytgan, iqtisodiyot vaziri Reshetnikov esa mamlakat retsessiya yoqasiga kelib qolganini tan olgan.

Teglar

Mavzuga oid