add

Rossiya, Tojikiston va Afg‘onistondan olib kelingan 80 kg ga yaqin giyohvand moddalar musodara qilindi

19.08.2025 | 22:3012155

Rossiya, Tojikiston va Afg‘onistondan olib kelingan taxminan 80 kg giyohvand moddalar musodara qilindi. Hozirda ushbu qoradorilarni olib kirgan barcha shaxslar ustidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, ularning barchasiga qamoq jazosini qo‘llash chorasi belgilangan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Rossiya, Tojikiston va Afg‘onistondan olib kelingan 80 kg ga yaqin giyohvand moddalar musodara qilindi
Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyatidagi tezkor tadbirda Uzun tumanida Tojikiston Respublikasidan 20 kg 374 gr afyun va 41 kg 668 gr nasha giyohvandlik moddalarini kontrabanda yo‘li bilan olib kirishga urinayotgan 2005 va 2006 yillarda tug‘ilgan ikki nafar mahalliy fuqaro qo‘lga olingan. Ularning jinoiy sherigi — 2004 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro hamda giyohvandlik vositalari buyurtmachisi — 2000 yilda tug‘ilgan, Denov tumanida istiqomat qiluvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan. Shuningdek, Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Qozog‘iston Respublikasidan xalqaro chegara nazorati punkti orqali O‘zbekistonga kirib kelgan Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida yoshovchi 1991 yilda tug‘ilgan fuqaroning yuklari belgilangan tartibda tekshirilgan. Tekshiruv natijasida ushbu fuqaroning yuki orasidan marmar plita ichiga yashirib qo‘yilgan 7 kg 902 gr "Mefedron" nomli sintetik giyohvandlik moddasi topilgan. Dastlabki tergov jarayonida aniqlanishicha, u giyohvandlik moddalarini Rossiya Federatsiyasining Moskva shahridagi ko‘rsatilgan manzilda noma’lum shaxsdan telegram-bot orqali olgan va ularni O‘zbekistondagi buyurtmachiga yetkazib berishi kerak bo‘lgani ma’lum bo‘lgan. Tezkor tadbir davom ettirilganda, O‘rta Chirchiq tumanida giyohvandlik moddalarini qabul qilish paytida buyurtmachi — Bekobod tumanida yashovchi 1985 yilda tug‘ilgan shaxs ham ushlangan. Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Afg‘onistonlik giyohvand moddalar sotuvchilaridan narkotik vositalarni xarid qilib, ularni Farg‘ona viloyati hududida sotish bilan shug‘ullangan shaxslar faoliyatiga chek qo‘yilgan. Xususan, Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi 1964 yilda tug‘ilgan ayol va uning ilgari giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan 1993 yilda tug‘ilgan o‘g‘li qo‘lga olingan. Ulardan Afg‘onistondan kontraband yo‘li bilan olib kirilgan 5 kg 878 gr afyun va 3 kg 922 gr nasha moddasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. «O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida chet eldan olib kelingan jami 79 kg 744 gr giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga barham berildi. Hozirda yuqorida ko‘rsatilgan barcha shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda», - deyiladi xabarda.

Teglar

Mavzuga oid