add

Rossiyaning Ukrainadagi «bufer zona» rejasi 91 yilgacha cho‘zilishi mumkin

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Ukraina hududida keng qamrovli «bufer zona» yaratish taklifini ilgari surdi.

Rossiyaning Ukrainadagi «bufer zona» rejasi 91 yilgacha cho‘zilishi mumkin
Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) hisob-kitoblariga ko‘ra, bu rejani amalga oshirish uchun Rossiya armiyasiga 91 yil va 50 millionga yaqin harbiy kerak bo‘ladi. ISW ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi hozirgi kunda kuniga o‘rtacha 14,3 kvadrat kilometr hududni egallamoqda va har kuni taxminan 1 500 nafar harbiyni yo‘qotmoqda. Agar bu sur’at saqlansa, Medvedev taklif qilgan 587 000 kvadrat kilometrlik bufer zonasini to‘liq egallash uchun 91 yil vaqt va 50 millionga yaqin harbiy kerak bo‘ladi. Medvedevning rejasi Ukraina hududining deyarli barchasini o‘z ichiga oladi, faqat Polsha bilan chegaradosh Volin va Lviv viloyatlarining kichik qismi istisno qilingan. Uning ta’kidlashicha, bu bufer zonasi Rossiya shaharlarini G‘arb tomonidan yetkazib berilayotgan uzoq masofali raketalardan himoya qilish uchun zarur. ISWning hisob-kitoblariga ko‘ra, Donetsk, Lugansk, Zaporoje va Xerson viloyatlarining qolgan qismini egallash uchun Rossiyaga taxminan to‘rt yil kerak bo‘ladi. Bu hududlar 2022 yilda Rossiya tomonidan anneksiya qilingan edi. Shuningdek, Dnepr daryosini kesib o‘tish, Xerson shahrini qayta egallash, Odessa viloyatida desant operatsiyalari o‘tkazish, Sumi va Xarkov shaharlarini, shuningdek, Kiyev va Ukraina markazi hamda g‘arbidagi boshqa yirik shaharlarni egallash kabi murakkab vazifalarni bajarish talab etiladi. Rossiya armiyasi 2024 yil boshidan 2025 yil apreligacha bo‘lgan davrda 400 000 nafardan ortiq harbiyni yo‘qotgan. Bu har bir kvadrat kilometr hudud uchun o‘rtacha 84 nafar harbiy yo‘qotishni anglatadi. Jami yo‘qotishlar soni 783 000 nafarga yetgan, shundan 172 000 nafari halok bo‘lgan. ISWning xulosasiga ko‘ra, Rossiyaning bu kabi keng qamrovli bufer zona yaratish rejasi amalga oshishi ehtimoli juda past. Bu reja katta inson va moddiy resurslarni talab qiladi, shuningdek, katta geografik va mudofaa to‘siqlarini yengib o‘tishni talab etadi.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiyaning Ukrainadagi «bufer zona» rejasi 91 yilgacha cho‘zilishi mumkin | Vaqt.uz