Logo

«Shahar bedarvoza ekan» O‘zbekistonda mualliflik huquqi nega ishlamayapti?

Bugun 14:3011 daqiqa

«Farz» va «Dacha» filmlarining qaroqchi kanallarga tarqalishi hamda «O‘tkan kunlar» tarjimasi bo‘yicha mojaro mualliflik huquqi haqidagi bahslarni kuchaytirdi. Vaqt.uz mavzu doirasida film rejissyorlari, tomoshabinlar, Adliya vazirligi mutasaddisi va ekspert fikrlarini o‘rgandi.

«Shahar bedarvoza ekan» O‘zbekistonda mualliflik huquqi nega ishlamayapti?

Mualliflik huquqi haqida odatda asar noqonuniy tarqatilganda eslaymiz. Film qaroqchi kanallarga tarqalsa, qo‘shiq ruxsatsiz ijro etilsa yoki kitob muallif roziligisiz tarqatilsa, bu masala birdan dolzarb mavzuga aylanadi. Ammo mualliflik huquqi faqat huquqi buzilgan paytda eslanadigan tushunchami?

So‘nggi oylarda O‘zbekistonda yuz bergan bir nechta voqea bu savolni yana kun tartibiga olib chiqdi. Jumladan, «Farz» va «Dacha» filmlari premeradan ko‘p o‘tmay qaroqchi Telegram kanallarida paydo bo‘ldi. Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romani inglizcha tarjimasi bilan bog‘liq mojaro esa jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘ldi.

Vaqt.uz muxbiri film rejissyorlari, tomoshabinlar, Adliya vazirligi mulozimi hamda mualliflik huquqi bo‘yicha eksperti fikrlarini o‘rgandi.

«Shahar bedarvoza ekan, har kim xohlagan ishini qilib tashayvermaydi-da» — Sarvar Karimov

«Farz» filmi premerasidan ko‘p o‘tmay qaroqchi kanallarda paydo bo‘ldi. Vaqt.uz muxbiri film rejissyori Sarvar Karimov bilan «qaroqchilik»ning oqibatlari, filmning YouTube’da e’lon qilingan qismi va O‘zbekistonda mualliflik huquqi nega hanuz og‘riqli masala bo‘lib qolayotgani haqida suhbatlashdi.

Сniмок экрана 2026-06-19 в 14.32.26

— «Farz» filmi pirat kanallarda tarqalganini qachon bildirdingiz?

— «Farz» filmi shu yil 18-mart kuni katta premera qilindi. 27-may kuni hayit munosabati bilan televideniyeda namoyish etilishi rejalashtirilgan edi. Ochig‘i, televideniyeda qo‘yilishi bilan tarqalib ketishini oldindan bilardim. «27-may kuni efirga chiqsa, shu kuning o‘zida hamma joyga tarqaladi», deb aytgandim. Haqiqatan ham shunday bo‘ldi.

— Bu holat film daromadiga ta’sir qildimi?

— Albatta ta’sir qildi. Bu oddiy huquqbuzarlik emas, bu o‘g‘rilik. Men bu fikrni doim takrorlayman. Ko‘pchilik «pulim yo‘q edi, shuning uchun Telegramdan ko‘rdim», deydi. Bu xuddi «pulim yo‘q edi, shuning uchun non o‘g‘irladim», degan gap bilan bir xil. Agar odamlar filmni rasmiy platformalar orqali ko‘rganida, kino sanoatiga ham o‘z hissasini qo‘shgan bo‘lardi. Film yaratish uchun mablag‘ sarflanadi, yuzlab odamlar mehnat qiladi. Noqonuniy tomosha qilish esa shu mehnatning qadrini tushiradi.

— Kontentni o‘chirish yoki bloklash bo‘yicha urinishlar bo‘ldimi?

— Albatta. Men shaxsan YouTube’dagi qariyb 150 ta kanalga strayk yubordim. YouTube’da mualliflik huquqini himoya qilishning mexanizmlari ishlaydi. Lekin Telegram bilan bog‘liq vaziyat juda murakkab. Bir odam yozib oladi, boshqasiga yuboradi, u esa yana boshqa guruhga tashlaydi. Bunday jarayonni nazorat qilish deyarli imkonsiz. 

Bitta yo‘li bor — davlat bunga qarshi kurashishi mumkin. Lekin davlatning o‘zi hal qilishi kerak bo‘lgan muammolar juda ko‘p. Menimcha, hali kinoga vaqt yetib kelmagan bo‘lsa kerak, «qaroqchilik»ka qarshi kurashish uchun.

— Filmni YouTube’ga joylashtirish qarori qanday qabul qilindi?

— Aslida film YouTube’ga joylashtirilmagan. Ko‘pchilik shunday deb o‘ylayapti. Men faqat filmning dastlabki 10 daqiqasini yukladim. Sababi, har kuni o‘nlab kanallar filmni noqonuniy joylashtirishga urinayotgan edi. Shu sababli tomoshabinga murojaat qilib, filmning qolgan qismini ITV orqali rasmiy tomosha qilish mumkinligini ko‘rsatdik. Film hali festivallarda qatnashishi kerak, shu bois uni to‘liq YouTube’ga joylashtirish mumkin emas.

Ya’ni bu ham «qaroqchilik»ga qarshi qo‘ldan kelgancha kurashish yo‘lida o‘ylab topilgan usul. YouTube’da hozircha film rasman yo‘q. U yerda-bu yerda paydo bo‘lib qolyapti, lekin bularning hammasi o‘g‘rincha qo‘yilgan va ular uzog‘i bilan bir sutka ichida blokka tushadi.

— Umuman olganda, qaroqchi platformalar kino sanoatiga qanday zarar yetkazmoqda?

— Qaroqchi platformalar kino sanoatiga dahshatli zarar yetkazmoqda. Kino juda qimmat soha. Siz minglab dollar sarflab, kerak bo‘lsa qarz olib film suratga olasiz. Keyin esa filmingiz bir kuning o‘zida qaroqchi platformalarda paydo bo‘ladi.

Odamlarning munosabati ham achinarli. «To‘xta, birovning haqqini yeyapman-ku, shu odam pul sarflab film olgan, keling rasmiy tomosha qilay», deydiganlar juda kam. Bir-ikki foizdir balki. Qolgan 98 foiz esa «yetkazganingga rahmat» deb tekinga ko‘radi. Yana ustiga-ustak «shu ham gunohmi?» deb e’tiroz bildiradiganlar ham topiladi.

Shu sababli kino rivojlanmaydi. Tomoshabin sifatli mahsulot uchun pul to‘lashga tayyor bo‘lmasa, sanoat ham rivojlanmaydi. Keyin nega yaxshi filmlar kam, deymiz. Menimcha, bunday tomoshabinlik madaniyati bilan telenovelladan nariga o‘tish qiyin. Ochig‘i, vaziyat chatoq. Tez orada keskin o‘zgarib ketishiga ham uncha ko‘zim yetmaydi.

Eng yomoni, ijodkorlarning o‘zi bu muammoga qarshi deyarli hech narsa qila olmaydi. Chunki jazolash funksiyasi faqat davlatda bor. Biz kinochilar yig‘ilib olib, qo‘limizga ketmon ko‘tarib qaroqchilarga qarshi kurasha olmaymiz-ku.

Qachon huquqni muhofaza qiluvchi organlar bu masalaga jiddiy e’tibor qaratib, real kurash boshlasa, shundagina vaziyat o‘zgarishi mumkin. Odamlarning ongi ham o‘z-o‘zidan o‘zgarmaydi. Buning uchun javobgarlik bo‘lishi kerak.

Bir nechtasini qattiq jazolashsa, katta jarimalar qo‘llansa va bu haqda hamma bilsa, hech bo‘lmaganda ozgina ta’siri bo‘lardi. Albatta, qaroqchilik faqat bizda emas, butun dunyoda bor. Lekin hozirgi holatni men «shahar bedarvoza» deb aytgan bo‘lardim.

— Sizningcha, O‘zbekistonda mualliflik huquqi yetarlicha himoyalanganmi?

— Yo‘q, afsuski, O‘zbekistonda mualliflik huquqi deyarli himoyalanmagan desa ham bo‘ladi. Balki 100 dan 1 foiz darajasida ishlayotgandir. Aslida mualliflik huquqi eng ko‘p himoyaga muhtoj bo‘lgan sohalardan biri. Xorijda bu tizim yaxshi ishlaydi. Odamlar 30–50 yil, hatto 100 yil oldin yaratgan asarlari uchun ham pul oladi. Muallif bo‘lmasa, uning farzandlari yoki nabiralari daromad olishda davom etadi. Natijada butun industriya rivojlanadi.

Muammo faqat qonunchilikda emas, jamiyatning o‘zida ham. Ko‘pchilik hali ham filmni noqonuniy tarqatish yoki tomosha qilishni huquqbuzarlik sifatida qabul qilmaydi.

«Ba’zi odamlar mening filmimni Telegram’ga yuklab qo‘yadi-da, buni o‘g‘rilik deb ham o‘ylamaydi. Shunchaki, “film ekan, oldim-da, tarqatdim, nima qilibdi?” degan qarash bor», — deydi Karimov.

Uning aytishicha, bu holat tomoshabinlarning pullik kontentga munosabatida ham yaqqol ko‘rinadi.

«Filmning qolgan qismini ITV orqali ko‘ringlar deb yozsam, izohlarda “endi kino ko‘rish uchun ham pul to‘laymizmi?” degan gaplar paydo bo‘ladi. Ko‘pchilik filmni YouTube’da tekinga ko‘rishi kerak deb hisoblaydi», — deydi rejissyor.

Karimov bunga pandemiya davrida shakllangan odatlar ham ta’sir qilgan deb hisoblaydi. Uning fikricha, o‘sha paytda ko‘plab filmlar bepul platformalarga joylashtirilgani sabab odamlar YouTube’ni kinoteatrning muqobili sifatida qabul qila boshlagan.

«Endi bu tushuncha qachon o‘zgaradi, bilmayman. Ochig‘i, men u kunlarni ko‘rmasam kerak», — deydi Sarvar Karimov.


«Mualliflik huquqi yetarlicha emas, umuman himoya qilinmagan» — Sunnat Namozov

Qaroqchi kanallar va saytlar tufayli film daromadining katta qismini yo‘qotganini aytgan «Dacha» filmi rejissyori Sunnat Namozov Vaqt.uz muxbiri bilan suhbatda mualliflik huquqini himoya qilishdagi muammolar va «qaroqchilik»ning kino sanoatiga ta’siri haqida gapirdi.

Сniмок экрана 2026-06-19 в 14.32.49

— «Dacha» filmining qaroqchi kanallarda tarqalishi daromadga qanchalik ta’sir qildi?

— Juda katta ta’sir qildi. Menimcha, «Dacha» filmi daromadining kamida 80 foiziga ta’sir qilgan. Film noqonuniy tarqatilgandan yarim soat o‘tiboq uni boshqa kanallar ko‘chirib olib, ommaviy tarqatishni boshladi. Keyinchalik esa ko‘pchilik bundan obunachi yig‘ish, auditoriyasini kengaytirish va hatto pul ishlash vositasi sifatida foydalandi.

Biz filmni ITV platformasida juda arzon narxda, eng yuqori sifatda taqdim etgandik. Ammo qaroqchi kanallarda film turli reklamalar bilan tarqatildi. Ayrimlar esa bundan ham o‘tib, filmni pullab sotishga urindi.

Internetda ko‘rdik, ayrim Telegram kanallari filmni 300 ming so‘mgacha sotgan. Yana kimdir «mualliflarga 350 dollar berilgan, shuning uchun filmni 5 ming so‘mdan sotyapmiz» degan yolg‘on ma’lumotlarni ham tarqatgan.

Shunaqa holatlar bo‘ldi. Aslida esa bizga qaroqchilikning o‘zi kerak emas. Agar bu holat davom etaversa, xususiy sektor asta-sekin ijod qilishdan soviydi. Chunki katta mablag‘ sarflab film suratga olgan odam qilgan xarajatini qaytara olmasa, ertaga yangi loyiha qilishga ham qiziqmay qo‘yadi.

— Filmning noqonuniy tarqatilishiga qarshi qanday choralar ko‘rildi?

— Filmning noqonuniy tarqatilishiga qarshi choralar ko‘ryapmiz. Bu borada ITV platformasi, film jamoasi, huquqshunoslar va tegishli tashkilotlar bilan birga ishlayapmiz. Ayrim holatlarda noqonuniy tarqatish bilan shug‘ullangan shaxslar aniqlanib, ularga nisbatan jarimalar ham qo‘llanildi. Hozir ham bu yo‘nalishdagi ishlar davom etmoqda.

Lekin masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Qaroqchilikka qarshi kurash faqat qonun yoki jarima bilan hal bo‘ladigan masala emas. Bu ko‘p jihatdan tomoshabinning o‘ziga ham bog‘liq.

«Ijodkorning mehnatini qadrlash kerak. Filmning pirat nusxasini qidirish o‘rniga uni rasmiy platformada tomosha qilish madaniyati shakllanishi kerak», — deydi Sunnat Namozov.

— Sizningcha, O‘zbekistonda mualliflik huquqi yetarlicha himoyalanganmi?

— O‘zbekistonda mualliflik huquqi yo‘q, umuman. Yetarlicha emas, umuman himoya qilinmagan. Chunki ijodkor patent qiladi, mualliflik huquqini oladi, lekin uni himoya qilish masalasiga kelganda muammolar boshlanadi.

— Mualliflik huquqi bilan bog‘liq eng katta muammo nimada?

— Mualliflik huquqidagi eng katta muammo uning amalda himoyalanmayotganida. Juda sayoz, sust ishlaydi.

«Bunga nisbatan kattaroq jazo qo‘llash kerak. Odamlar mualliflik huquqini buzish oqibatlarini ko‘rishi kerak. Shundagina vaziyat o‘zgaradi», — deydi Sunnat Namozov.

Rejissyorning fikricha, muammoni faqat jarimalar yoki taqiqlar bilan hal qilib bo‘lmaydi. Bunda tomoshabinlarning madaniyati ham muhim rol o‘ynaydi.

«Baribir birinchi o‘rinda kino ko‘rish madaniyatini rivojlantirish kerak. Agar kino ko‘rish madaniyati rivojlanmasa, kino ham rivojlanmaydi», — deydi u.

Ma’lumot uchun, Vaqt.uz muxbiri Dua Lipaning “Training Season” qo‘shig‘iga litsenziya olingani haqida so‘raganida, rejjisyor mazkur savolni izohsiz qoldirdi.

«O‘tkan kunlar» mojarosi: 15 yillik tarjima, ruxsatsiz tarqatish va sud

Сniмок экрана 2026-06-19 в 14.33.11

Manba: Adliya vazirligi

Mualliflik huquqi bilan bog‘liq bahslar faqat kino sanoati bilan cheklanmaydi. So‘nggi yillarda bu boradagi eng shov-shuvli ishlardan biri amerikalik tarjimon va sharqshunos olim Mark Riz hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘rtasidagi mojaro bo‘ldi.

Mark Riz Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romanini 15 yil davomida ingliz tiliga tarjima qilgan. Biroq keyinchalik asarning «Bygone Days» nomi ostidagi elektron nusxasi muallif ruxsatisiz tarqatilgani ma’lum bo‘ldi.

Tarjimonning murojaatidan so‘ng Adliya vazirligi tomonidan o‘rganish o‘tkazilib, huquqbuzarlik holati aniqlangan. Shundan keyin ish ma’muriy va fuqarolik sudlarida ko‘rib chiqildi.

Joriy yil aprel oyida Mark Riz mualliflik huquqi buzilgani oqibatida yetkazilgan zarar uchun tovon undirish talabi bilan sudga murojaat qildi. Sud qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining mas’ul xodimidan tarjimon foydasiga BHMning 50 baravari — 20 million 600 ming so‘m miqdorida tovon puli undirilishi belgilandi.

Bundan avval esa mazkur huquqbuzarlik uchun universitet mas’ul xodimiga 2 million 60 ming so‘m miqdorida jarima tayinlangan va asarning elektron nusxasini unilibrary.uz platformasidan o‘chirish majburiyati yuklatilgan edi.

Mark Riz ishi O‘zbekistonda mualliflik huquqi buzilishi bilan bog‘liq nizolar sudgacha yetib borishi va muallif foydasiga qaror chiqarilishi mumkinligini ko‘rsatgan kam sonli misollardan biri bo‘ldi.

«Mualliflik huquqi madaniyati har bir insondan boshlanadi» — tomoshabinlar

Rejissyorlar qaroqchilik va mualliflik huquqi bilan bog‘liq muammolar haqida gapirar ekan, Vaqt.uz bu masalada tomoshabinlarning qarashi bilan ham qiziqdi.

Sabrina Baxtiyorova, loyiha menejeri:

— «Farz» filmini kinoteatrda, «Dacha» filmini esa ITV orqali tomosha qildim. Buning asosiy sababi chipta va obuna narxlari qimmat emasligi, shuningdek, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash istagi bo‘ldi. Ijodkor sifatida mualliflik huquqining ahamiyatini tushunaman.

Pirat manbalardan foydalanish ijodkorga nafaqat moliyaviy, balki ma’naviy zarar ham yetkazadi. Xarajatlar qoplanmasa, yangi loyihalar qilish qiyinlashadi. Bu esa ijodkorning motivatsiyasiga ham ta’sir qiladi. Menimcha, mualliflik huquqiga hurmat madaniyati har bir insondan boshlanadi.

Azimbek Xushmamatov, stendap komik:

— «Farz» filmini premera qilingan vaqtda kinoteatrda ko‘rgandim. Shuni aytib o‘tishim kerakki, kinolarni kinoteatrda ko‘rish bu — baza. Rejissyorlar ham, operatorlar ham, umuman hamma ijodkorlar filmni aynan kinoteatrlarda namoyish etish uchun ishlaydi.

«Dacha» filmini esa kinoteatrlarda namoyish etilmagani uchun ITV orqali tomosha qildim. Nokamtarlikdek eshitilsa ham aytib o‘tishim kerak: o‘zbek kinolarini o‘g‘ri saytlar yoki Telegram kanallari orqali emas, aynan pul to‘lab ko‘rganimda o‘zimni kino rivoji uchun kichik bo‘lsa-da hissa qo‘shayotgan odamdek his qilaman.

Filmni o‘g‘ri manbalar orqali tomosha qilish birinchi o‘rinda ijodkorlarning mehnatiga bo‘lgan hurmatsizlik deb hisoblayman. Bu mualliflarga moddiy tomondan zarar yetkazadi. Keyinchalik ishlashga bo‘lgan xohishning so‘nishiga xizmat qiladi.

Lekin men bunda 100 foiz tomoshabinning aybi bor, deyishdan ham yiroqman. Chunki bizda hali kontentni pul to‘lab ko‘rish madaniyati to‘liq shakllanib ulgurmagan. Oxirgi vaqtlarda bunga yaxshi qadamlar tashlanmoqda. Bu to‘xtab qolmasligi va davom etishi kerak. O‘zim ba’zi tanishlarimga filmlarni o‘g‘rincha ko‘rish yomon ekanini tushuntirganman, bungacha ularda mualliflik huquqi kabi tushuncha bo‘lmagan. 

«Muammo qonunchilikda emas, jamiyat munosabatida» — Adliya vazirligi mutasaddisi

Vaqt.uz’ga izoh bergan Adliya vazirligi Mualliflik huquqini himoya qilish bo‘limi boshlig‘i Sharof Abdumalikov «Farz» va «Dacha» filmlari bilan bog‘liq holatlarga huquqiy baho berishda huquq egasining murojaati hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Abdumalikovning fikricha, bugungi kunda asosiy muammo qonunchilikda emas.

«O‘zbekistonda mualliflik huquqini himoya qilish uchun zarur huquqiy asoslar yaratilgan. Muammo ko‘proq jamiyatda intellektual mulkka hurmat madaniyati yetarli darajada shakllanmaganida. Ko‘pchilik muallif mehnati uchun haq to‘lash kerakligini emas, kontentni bepul olish mumkinligini tabiiy hol deb qabul qiladi», — deydi u.

Uning ta’kidlashicha, mualliflik huquqini samarali ishlaydigan tizimga aylantirish uchun avvalo jamiyatda intellektual mulkka nisbatan hurmatni shakllantirish zarur.

«Buni birinchi navbatda maktab va oiladan boshlash kerak. Mualliflik huquqi qachonki huquq egasi o‘z huquqlarini yaxshi bilsa va jamiyat asarlardan ruxsat bilan yoki haqini to‘lab foydalanishni o‘rgansa, samarali ishlay boshlaydi», — deydi Mualliflik huquqini himoya qilish bo‘limi boshlig‘i Sharof Abdumalikov. 

«Qonun bor, ammo uni ishlatadigan tizim hali to‘liq shakllanmagan» — Boboqul Toshev

Mualliflik huquqi bo‘yicha ekspert Boboqul Toshevning fikricha, O‘zbekistonda mualliflik huquqini himoya qilish bo‘yicha huquqiy asoslar mavjud, ammo qonunning amalda ishlashi uchun zarur mexanizmlar hali yetarli darajada rivojlanmagan.

Uning ta’kidlashicha, qonunchilikda ham ayrim bo‘shliqlar saqlanib qolgan. Masalan, sahna asarlarini sahnalashtiruvchi rejissyorlar to‘liq muallif sifatida tan olinmagani sababli ular mualliflik haqi masalasida boshqa ijodkorlar bilan teng huquqlarga ega emas. Shuningdek, ijrochilarning turdosh huquqlarini meros qilib o‘tkazish bilan bog‘liq normalar ham yetarlicha aniq emas.

Biroq ekspertning fikricha, asosiy muammo faqat qonunchilikda emas.

«Yo‘l harakati qoidalari borligi boshqa, uning ishlashini ta’minlaydigan kameralar, radarlar va nazorat tizimlari bo‘lishi boshqa. Mualliflik huquqida ham xuddi shunday. Qonun bor, lekin uni ta’minlaydigan raqamli nazorat mexanizmlari, elektron kuzatuv tizimlari va amaliy ijro vositalari yetarli emas», — deydi u.

Toshevning ta’kidlashicha, mualliflarning o‘zi ham ko‘p holatlarda huquqlari buzilganida murojaat qilish yoki o‘z manfaatlarini talab qilishda faol emas. Bunga huquqiy bilim va huquqiy madaniyatning pastligi ham ta’sir qilmoqda.

«Mualliflik huquqi qonun bilan emas, uning ijrosi bilan ishlaydi. Agar huquqbuzar o‘z harakati uchun javob berishini bilmasa, eng yaxshi qonun ham qog‘ozda qolib ketadi. Asarni ruxsatsiz tarqatish yoki undan noqonuniy foydalanish oqibatlari muqarrar bo‘lgandagina tizim haqiqatan ishlay boshlaydi», — deydi ekspert.

Toshevning fikricha, mualliflik huquqi haqida huquq buzilgandan keyin emas, huquq buzilishining oldini oladigan tizim shakllanganda gapirish mumkin bo‘ladi.

Umuman olganda, «Farz» va «Dacha» filmlari atrofidagi qaroqchilik holatlari hamda «O‘tkan kunlar» tarjimasi bilan bog‘liq sud ishi O‘zbekistonda mualliflik huquqi masalasi faqat qonunchilik emas, balki uning ijrosi va jamiyat munosabati bilan ham bog‘liq ekanini ko‘rsatdi. Masala huquqbuzarlikning oqibati qanchalik muqarrar ekani va jamiyat ijodkor mehnatiga qay darajada hurmat bilan qarashida. Aks holda, mualliflik huquqi haqidagi bahslar yangi filmlar, kitoblar va asarlar atrofida yana takrorlanaveradi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 153

Barchasi

Mavzuga oid