
Sudandagi qonli qirg‘in davom etmoqda: shifoxonadagi 460 kishi otib o‘ldirildi
Al-Fashirdagi yagona ishlayotgan shifoxona bosib olinib, «Tezkor harakat kuchlari» jangchilari tomonidan bemorlar, ularning yaqinlari va tibbiyot xodimlari ommaviy ravishda otib o‘ldirildi.

Oktabr oyi oxirida «Tezkor harakat kuchlari» — Sudanda hukumat armiyasiga qarshi kurashayotgan harbiylashgan guruh - Al-Fashir shahrini egalladi. Bu mamlakat g‘arbidagi Shimoliy Darfur mintaqasining ma’muriy markazi bo‘lib, taxminan bir yarim yil davomida qamalda turgan edi. Bir necha kundan so‘ng, huquq himoyachilari Saudiya shifoxonasida (Saudi Hospital) - Al-Fashirning asosiy kasalxonasida bir necha yuz kishi o‘ldirilgani haqida ma’lum qilishdi.
«Sudan shifokorlar tarmog‘i» nodavlat tashkilotining xabar berishicha, «Tezkor harakat kuchlari» jangchilari shifoxonada bo‘lgan barcha odamlarni, jumladan bemorlar va ularga hamroh bo‘lganlarni sovuqqonlik bilan qatl etishgan. Bundan tashqari, «Tezkor harakat kuchlari» jangchilari olti nafar tibbiyot xodimini — to‘rt shifokor, bir dorixonachi va bir hamshirani o‘g‘irlashda ayblanmoqda. «Shifokorlar tarmog‘i» ularni ozod qilish uchun 150 ming dollardan ortiq tovon puli talab qilinayotganini ma’lum qildi. Tashkilot qurbonlar soni haqida aniq ma’lumotga ega emas, biroq shahar egallangach, uning tibbiyot muassasalari «qushxonalarga aylangani»ni ta’kidladi. Saudiya shifoxonasiga hujum haqida Al-Fashir qarshilik qo‘mitasi — mahalliy faollar guruhi ham xabar berdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreyesus Saudiya shifoxonasida 460 dan ortiq bemor va ularga hamroh bo‘lgan odamlar o‘ldirilganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, avvalroq JSST Sudandagi tibbiyot muassasalariga 185 ta hujumni qayd etgan bo‘lib, natijada 2023 yil aprelda boshlangan fuqarolik mojarosi boshlanganidan beri 1204 kishi halok bo‘lgan va yana 416 kishi jarohatlangan.
JSST bayonotida aytilishicha, 26 oktabrda shaharda qisman faoliyat ko‘rsatayotgan yagona tibbiyot muassasasi bo‘lgan shifoxonaga bir oy ichida to‘rtinchi marta hujum uyushtirilgan (bunda tashkilot shifoxonaga kim hujum qilganini aniqlashtirmagan va «Tezkor harakat kuchlari»ni tilga olmagan).
«O‘sha kuni bir hamshira halok bo‘ldi, yana uch nafar tibbiyot xodimi jarohat oldi. Ikki kundan so‘ng, 28 oktyabrda olti nafar tibbiyot xodimi o‘g‘irlab ketildi. Xuddi shu kuni shifoxona binosida 460 dan ortiq odam otib o‘ldirildi», - deya ta’kidladi JSST.
BBC jurnalistlari ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videoyozuvlarni tahlil qilib, «Tezkor harakat kuchlari» jangchilari qurolsiz bir necha kishini o‘ldirayotganini aniqlashdi.
Al-Fashir qamali bir yarim yil davom etdi. 2025 yil fevralidan boshlab ocharchilik va ommaviy hujumlar sharoitida shaharga gumanitar yordam yetkazib berish to‘xtatildi, oziq-ovqat va dori-darmonlar zaxiralari deyarli tugadi. Shu bilan birga, u yerda 260 mingga yaqin tinch aholi, jumladan 130 ming bola qolgan edi. Ko‘pchilik uchun Saudiya shifoxonasi so‘nggi boshpanaga aylandi.
BMTning gumanitar masalalar bo‘yicha sobiq vakili Yan Egeland Al-Fashirni «Yer yuzidagi eng dahshatli joy» deb atadi. «Oylar davomidagi qiyinchiliklar, ochlik va tibbiy yordamning yo‘qligiga endi ommaviy qotilliklar ham qo‘shildi. Bu dunyodagi eng yirik gumanitar inqiroz bo‘lib, deyarli e’tiborsiz qolmoqda - unga haddan tashqari kam diqqat qaratilmoqda», - dedi u.





