
«TikTok» interfeysi zararli: Yevroittifoq uzlusiz lentani taqiqlamoqda
Yevroittifoq «TikTok» dizaynini foydalanuvchilarda qaramlik uyg‘otadi deb baholadi va platformaga o‘z interfeysini tubdan o‘zgartirishni yuklamoqda.

Yevropa komissiyasi «TikTok» ilovasi interfeysi Yevroittifoq qonunchiligiga zid ekanini rasman e’lon qildi. Regulyator xulosasiga ko‘ra, platforma dizayni foydalanuvchilarda, ayniqsa voyaga yetmaganlar orasida, psixologik qaramlikni kuchaytiradi.
Bu qaror Yevropa komissiyasi tomonidan qabul qilingan bo‘lib, u Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun — DSA doirasida «addiktiv dizayn»ga nisbatan dunyodagi ilk huquqiy standart sifatida baholanmoqda.
Komissiya «TikTok»dan interfeysni radikal qayta ko‘rib chiqishni talab qildi. Aks holda, kompaniyaga global yillik tushumining 6 foizigacha jarima solinishi mumkin. Regulyator bu qarorni raqamli platformalarning foydalanuvchilar ruhiy salomatligiga ta’siri ortib borayotgani bilan izohladi.
Interfeysga talablar
Yevrokomissiya «TikTok» interfeysida bir nechta asosiy elementlarni zararli deb topdi. Avvalo, «tuganmas skrolling» — ya’ni kontentni uzluksiz aylantirib ko‘rish funksiyasi bekor qilinishi kerak. Bu mexanizm kompulsiv xatti-harakatni rag‘batlantiradi, deb hisoblanmoqda.
Shuningdek, tavsiya algoritmlari qayta ishlanishi talab etildi. Foydalanuvchini doim yangi video bilan «mukofotlash» amaliyoti cheklanishi lozim. Avtomatik videoo‘qish (Autoplay) ham tanqid ostiga olindi.
Bundan tashqari, TikTok ekran oldida o‘tirish vaqtini cheklaydigan, haqiqatan ishlaydigan majburiy tanaffus mexanizmlarini joriy etishi shart. Ayniqsa bolalar uchun himoya choralari alohida nazorat qilinadi.
Pretsedent va oqibatlar
«TikTok», tabiiyki, bu qarorga qarshi chiqdi. Kompaniya vakili Paolo Ganino Yevropa komissiyasi xulosalarini «asossiz» deb atab, barcha yuridik vositalar orqali o‘z pozitsiyasini himoya qilishini bildirdi.
Mutaxassislar bu qarorni butun raqamli bozor uchun pretsedent deb baholamoqda. Endi «Facebook» va «Instagram» kabi platformalar ham addiktiv algoritmlar bo‘yicha tekshiruvlarga duchor bo‘lishi mumkin.
Yevropa komissiyasiga ko‘ra, bu qaror raqamli platformalar foydasi bilan jamoat salomatligi o‘rtasida muvozanat o‘rnatishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.





