add

Tobutda qaytayotgan o‘zbeklar

Kecha 22:005 daqiqa

Xorijda ishlayotgan millionlab o‘zbekistonlik migrantlar iqtisodiyotga milliardlab dollar olib kirayotgan bir paytda, ularning hayoti va xavfsizligi jiddiy muammoga aylanmoqda. AQSH, Rossiya va Turkiyada kuzatilayotgan fojiali o‘lim holatlari mehnat migratsiyasi masalasi faqat iqtisodiy emas, balki ijtimoiy va milliy xavfsizlikka daxldor ekanini ko‘rsatmoqda.



Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, xorijda ishlayotgan o‘zbekistonlik qorako‘z migrantlar soni 2 millionga yaqinlashmoqda. Norasmiy manbalar esa bu raqam allaqachon 3 milliondan oshganini ta’kidlaydi. Xorijdagi mehnat migrantlarimiz bir yilda vatanga qariyb 19 milliard dollar mablag‘ yuborgan. Natijada, 2025 yilda pul o‘tkazmalari hajmi avvalgi yillarga nisbatan 27 foizga oshgan.

Minglab o‘zbekistonliklar tirikchilik ilinjida chet davlatlarga yo‘l oladi. Ammo so‘nggi yillarda ularning puli o‘rniga jasadining kelishi  juda achinarli holat.

Ularning ayrimlari baxtsiz hodisalar qurboni bo‘lsa, boshqalari zo‘ravonlik yoki og‘ir mehnat sharoiti sabab hayotdan ko‘z yummoqda. Kuni kecha yana bir fojiali holat jamoatchilik e’tiborini migrantlar xavfsizligi masalasiga qaratdi.

11 yoshli qizaloqni maktab avtobusi urib yubordi

AQSHda oilasi bilan yashab kelayotgan o‘zbekistonlik 11 yoshli Amira Aminova maktab avtobusi urib ketishi oqibatida halok bo‘ldi. Hodisa taxminan soat 15:00 larda, o‘quvchilar maktabdan uyga qaytib ketayotgan paytda sodir bo‘lgan.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Amira piyodalar yo‘lagi orqali yo‘lni kesib o‘tayotgan vaqtda maktab avtobusi burilib, uni urib yuborgan. Hodisaga guvoh bo‘lgan mahalla aholisi tez yordam yetib kelguncha qizaloqning hayotini saqlab qolishga uringan, ammo bu urinishlar samara bermagan.

Qizaloq boshi va tanasidan og‘ir jarohat olgan va tibbiyot muassasasiga olib borilganida vafot etgan.

Avtobus haydovchisi — 62 yoshli Vava Aurelus piyodalarga yo‘l bermaslik va zarur ehtiyotkorlikni ko‘rsatmaslikda ayblanmoqda. Qo‘shnilar Amira haqida iliq so‘zlar aytib, uning o‘limi barchani chuqur qayg‘uga solganini ta’kidlashmoqda. Ma’lum qilinishicha, mazkur holat bo‘yicha 24-fevral kuni sud majlisi bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi Bruklinda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 11 yoshli Amira Aminovaning vafot etganini tasdiqladi. Konsulxona marhumaning onasi va oilasi bilan doimiy aloqada ekani va zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.

Braundagi otishmaning o‘zbekistonlik qurboni

Bu kabi fojialar birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q. So‘nggi yillarda chet elda tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar xavfsizligi ham dolzarb muammoga aylanmoqda.

2025 yil 13-dekabr kuni AQSHdagi Braun universitetida otishma sodir bo‘lib, ikki nafar talaba halok bo‘lgan, yetti kishi jarohat olgan. Qurbonlar orasida O‘zbekiston fuqarosi Muhammadaziz Umurzoqov ham bor edi. Fojia paytida uning ota-onasi Umra ziyorati bilan Saudiya Arabistonida bo‘lgan.

18-dekabr kuni politsiya asosiy gumonlanuvchini o‘lik holda topdi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilgan.

Braun universiteti va MITdagi otishmalar ortidan AQSH prezidenti Donald Tramp «grin karta»  lotereya dasturini vaqtincha to‘xtatgan edi.

Rossiyadagi migrantlar: xavf tobora ortib bormoqda

Rossiyadagi migrantlar bilan bog‘liq vaziyat boshqa davlatlarga nisbatan ancha jiddiy. Bu yerda faqat ish topish emas, balki mamlakatga kirish, o‘qish va yashash masalalari ham keskin muhokama qilinmoqda.

2024–2025 yillarda Rossiyada xorijliklar, jumladan migrantlar ishtirokida sodir etilgan jinoyatlar soni oshgani qayd etilmoqda. Bu esa mehnat muhojirlarini ijtimoiy bosim va ksenofobiya xavfi ostida qoldirmoqda.

2025 yil 12-dekabr kuni Rossiyaning Xabarovsk shahrida OMON xodimlari tomonidan O‘zbekiston fuqarolari kaltaklangani, ulardan ikki nafari komaga tushib, biri vafot etgani haqida ma’lumot tarqaldi. O‘zbekiston TIV mazkur holatni tasdiqlab, Rossiya tomoniga nota yuborilganini ma’lum qildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov bu holatga munosabat bildirib, quyidagilarni aytgan edi:

«Ishoning, vaziyat oy sayin faqat yomonlashadi. Rus maxsus xizmatlari markaziy osiyoliklarni Rossiyada kutilayotgan notinchliklarning faol ishtirokchisi sifatida taxmin qilmoqda, shu sababli ulardan keladigan foydadan allaqachon kechib bo‘lingan. Aqlingizni ishlating, Rossiyadan tezroq keting! Hech qanday daromad ota-onalar va farzandlaringizning ko‘z yoshiga arzimaydi».

2025 yil 28-fevral kuni Sankt-Peterburgdagi metro qurilishida yana bir 34 yoshli o‘zbekistonlik migrant ekskavatorni ta’mirlash paytida halok bo‘lgan.

Shuningdek, 2025 yil davomida Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyatida kamida olti nafar o‘zbekistonlik ishchi turli balandlikdan qulab vafot etgan. Bu — faqat ochiq manbalarda e’lon qilingan holatlar, xolos.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyadagi migrantlar soni so‘nggi bir yil ichida 10 foizga qisqargan. 2026 yil boshiga kelib mamlakatda 5,7 million nafar xorijiy fuqaro bo‘lgan, 2025 yil boshida esa bu ko‘rsatkich 6,3 million nafarni tashkil etgan.

Turkiyadagi vahshiy qotilliklar

Turkiyaga ishlash va yashash maqsadida ketgan o‘zbekistonliklar orasida, ayniqsa ayollar bilan bog‘liq o‘lim holatlari ko‘paymoqda.

24-yanvar kuni Istanbul shahrining Shishli tumanida chiqindi konteyneridan boshsiz ayol jasadi topildi. Marhuma 37 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Hakimova Durdona ekani aniqlandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u boshqa o‘zbekistonlik tanishlari tomonidan o‘ldirilgan. Jasad bo‘laklab, chamadonga solingan holda chiqindixonaga tashlangan. Gumonlanuvchilar qo‘lga olingan.

Marhuma so‘nggi 7 yil davomida Istanbulda qonuniy ishlab kelgan, ikki nafar farzandi bo‘lgan.

Bu voqea migrantlar muammosining eng dahshatli qirralaridan biri bo‘lib, faqat mehnat xavfsizligi emas, balki shaxslararo nizolar ham og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatadi.

2025 yil sentabr oyida ham Istanbulning Fotih tumanida 36 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Zulayxo ismli ayol pichoqlab o‘ldirilgan edi.

Xulosa

Bu kabi fojealar chet elga ketish masalasi faqat iqtisodiy emas, balki ijtimoiy va milliy xavfsizlik darajasidagi muammoga aylanganini ko‘rsatadi. Mehnat migrantlari mamlakat iqtisodiyotiga milliardlab dollar mablag‘ olib kirayotgan bir paytda, ularning huquqiy himoyasi, xavfsizligi va hayotini asrash masalasi ham birinchi o‘rinda turishi kerak.

Mutaxassislar fikricha, asosiy yechimlardan biri — migrantlar ketishidan oldin majburiy huquqiy va xavfsizlik tayyorlov dasturlarini kuchaytirish, diplomatik vakolatxonalar orqali tezkor yordam mexanizmlarini kengaytirishdir.

Chet elga ishlash yoki o‘qish uchun ketgan har bir fuqaro uchun xavfsizlik masalasi daromad masalasidan kam bo‘lmasligi shart. Aks holda, iqtisodiy foyda ortida inson hayoti bilan bog‘liq yo‘qotishlar statistikasi oshib boradi.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 22

Barchasi

Mavzuga oid