Maktab o‘quvchilari 50 ming dollargacha mukofot olishi mumkin
2026-yildan boshlab maktab o‘quvchilari o‘rtasida uch bosqichli kitobxonlik tanlovi tashkil etiladi.

Prezidentning «Yoshlar orasida kitobxonlik dasturini keng joriy etish va ularning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi farmoyishi qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatga muvofiq, 2026 yildan boshlab har yili umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun milliy kitobxonlik harakati tashkil etiladi.
Hujjatda belgilanishicha, tanlov har yili uch bosqichda amalga oshiriladi. Dastlabki bosqich onlayn shaklda maxsus elektron platforma orqali o‘tkaziladi, keyingi bosqichlar esa hududiy va respublika darajasida tashkil etiladi.
Tanlov jarayoni
Ma’lum qilinishicha, dastur ishtirokchilari yosh toifalari bo‘yicha saralanadi va belgilangan mezonlar asosida baholanadi.
Birinchi bosqich «kitobxonlikharakati.uz» elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tgan holda onlayn o‘tkaziladi. Ikkinchi va uchinchi bosqichlar ishtirokchilarning bevosita ishtiroki asosida tashkil etiladi.
Tizim yuqori sinf o‘quvchilari uchun alohida rag‘batlantirish mexanizmlarini ham nazarda tutadi. Xususan, 6–8 va 9–11 sinf toifalari bo‘yicha g‘oliblar hamda sovrindorlarga yirik miqdordagi pul mukofotlari beriladi.
Mukofot pullari
Tanlovda birinchi o‘rinni egallagan ikki nafar ishtirokchining har biri 50 ming AQSH dollari va diplom bilan taqdirlanadi.
Ikkinchi o‘rin sohiblari 30 ming dollar, uchinchi o‘rin g‘oliblari esa 15 ming dollar mukofot oladi. Shuningdek, beshta qo‘shimcha nominatsiya bo‘yicha g‘oliblarga ham 10 ming dollardan pul mukofoti va diplom berilishi belgilangan.





