AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari O‘zbekistonga tashrif buyuradi
AQSH jamoat diplomatiyasi masalalari bo‘yicha davlat kotibi o‘rinbosari Sara Rodjers 27-maydan 10-iyungacha Hindiston, Nepal, O‘zbekiston va Turkmanistonga rasmiy tashrif bilan boradi.

AQSH Davlat departamenti jamoat diplomatiyasi bo‘yicha davlat kotibi o‘rinbosari Sara Rodjersning Markaziy Osiyoga tashrifi haqida ma’lum qildi. Safar doirasida u O‘zbekiston va Turkmanistonda qator uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
AQSH Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, jamoat diplomatiyasi masalalari bo‘yicha davlat kotibi o‘rinbosari Sara Rodjers 27-maydan 10-iyungacha Hindiston, Nepal, O‘zbekiston va Turkmanistonga rasmiy tashrif bilan boradi.
Tashrifning maqsadi
Tashrifdan asosiy maqsad AQSHning mintaqa davlatlari bilan gumanitar, ta’lim, madaniy va axborot sohalaridagi hamkorligini mustahkamlashdan iborat ekani aytilmoqda. Shuningdek, safar doirasida ommaviy kommunikatsiyalar, jamoatchilik diplomatiyasi va mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.
Hozircha Sara Rodjersning O‘zbekistonda qaysi manzillarga tashrif buyurishi yoki kimlar bilan uchrashishi haqida rasmiy ma’lumot ochiqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, 6-aprel kuni Vashingtonda Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini rasman ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tgan edi. Unda kengash hamraislari – O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hamda AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor ishtirok etgan.
So‘nggi bir yil ichida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi tovar aylanmasi 25 foizga oshgan. Bu haqda AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor «Missiya» dasturiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
2026-yilning yanvar oyida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi 1,7 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, shuning 32,1 mln dollari AQSH hissasiga to‘g‘ri keladi. Yillar kesimida qaralsa, ikki davlat orasidagi savdo aylanmasi 2023-yilda 765,1 mln dollar, 2024-yilda 1 mlrd 24,9 mln dollar, 2025-yilda esa 1 mlrd 203,7 mln dollarni tashkil etgan. 2025-yilda 712,3 mln dollarlik tovar va xizmatlar AQSHdan import qilingan.





