«UzChasys»dagi davlat ulushi 333 milliard so‘mga sotildi

Bugun 15:272 daqiqa

Namanganda joylashgan «UzChasys» kompaniyasi avtomobillar uchun yoritish jihozlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Aprel oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi korxonadagi 70 foiz davlat ulushini onlayn auksionga chiqargan edi.

«UzChasys»dagi davlat ulushi 333 milliard so‘mga sotildi © uzchasys

25-may kuni E-auksion platformasida o‘tkazilgan auksionda Namangan viloyatida joylashgan «UzChasys» qo‘shma korxonasidagi davlat ulushi sotildi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi korxonadagi 70 foiz ulushni aprel oyida auksionga auksionga chiqargan edi.

Avtomobillar uchun yoritish jihozlari ishlab chiqaruvchi zavod aksiyalari bo‘yicha auksion 51 daqiqa davom etdi. Boshlang‘ich narx 185 milliard so‘m etib belgilangan bo‘lib, savdo jarayonida ishtirokchilar tomonidan 16 ta taklif bildirildi.

Yakunda «Best Pipe and Parts» kompaniyasi 332,96 milliard so‘mlik eng yuqori taklif bilan g‘olib deb topildi. Bu summa boshlang‘ich narxdan qariyb 80 foiz yuqori.

G‘olib bo‘lgan xaridor xaridor ya’ni, «Best Pipe and Parts» kompaniyasi auksion yakunlanganidan keyin besh ish kuni ichida aktiv uchun to‘lovni amalga oshirishi kerak. Agar u to‘lovni amalga oshirmasa yoki oldi-sotdi shartnomasini imzolashdan bosh tortsa, aktivni sotib olish huquqi ikkinchi eng yuqori taklif bergan ishtirokchiga o‘tadi. Ikkinchi xaridor ham bitimdan voz kechsa, lot qayta auksionga chiqariladi.

Bitim shartlariga ko‘ra, g‘olib bo‘lgan xaridor kompaniyaning asosiy faoliyat yo‘nalishini kamida 10 yil davomida saqlab qolishi shart. Shuningdek, ishlab chiqarish uskunalarini sotib olish yoki sotish jarayonlari «O‘zavtosanoat» bilan kelishilishi lozim. Bundan tashqari, xaridor tasdiqlangan hamkorlar bilan texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha litsenziya kelishuvlariga hamda «General Motors» texnologiyalaridan foydalanishga oid asosiy shartnoma talablari va cheklovlariga amal qilishi talab etiladi.

«Best Pipe and Parts» kompaniyasi haqida

«Best Pipe and Parts» 1996 yilda tashkil etilgan bo‘lib, avtotransport uchun butlovchi qismlar va aksessuarlar ishlab chiqaradi.

Korxona ilgari «Uz-Dongwon Co» nomi bilan faoliyat yuritgan. Uning ustav kapitali 297 million so‘mni tashkil etadi, eng yirik aksiyador sifatida esa «UzAuto Korea» qayd etilgan.

Kompaniya so‘nggi vaqtlarda avtosanoatga oid bir nechta aktivlarni ham xususiylashtirdi. U fevral oyida «Avtokomponent» kompaniyasining 98,8 foizini 105 milliard so‘mga, avgustda esa «Avto Climate Control» korxonasini 230 milliard so‘mga sotib olgan.

Yangi bitim uning ishlab chiqarish portfelini yanada kengaytirilishi kutilmoqda.

«UzChasys» haqida

«UzChasys» 2008 yilda Koreyaning «AMS Co Ltd» kompaniyasi va «O‘zavtosanoat» ishtirokida tashkil etilgan. Korxona Namangan shahrida joylashgan bo‘lib, avtomobillar uchun yoritish uskunalarini ishlab chiqaradi.

Korxona balansidagi asosiy fondlar qiymati 86,89 milliard so‘mni tashkil etadi, ularning eskirish darajasi 71 foizga yetgan. Aylanma aktivlar hajmi 169,2 milliard so‘m, qarz majburiyatlari esa 100 milliard so‘mga teng. 2025 yil yakuniga ko‘ra sof foydasi 40,76 milliard so‘mni tashkil qilgan, zavodda mingdan ortiq xodim mehnat qiladi.

Davlat xizmatlari agentligi 2024 yil noyabr oyida ham «UzChasys»dagi 70 foiz davlat ulushini savdoga chiqargan. Ammo jarayon bo‘yicha yakuniy ma’lumotlar ochiqlanmagan edi.

Teglar

Mavzuga oid