«Anomaliya yuz berdi»: Bezosning raketasi sinov paytida portlab ketdi
Raketa portlashlari bilan bir necha bor to‘qnash kelgan «SpaceX» rahbari Ilon Mask bu voqeaga munosabat bildirdi.

Milliarder Jeff Bezosga tegishli «Blue Origin» kompaniyasining «New Glenn» raketasi sinov vaqtida portlab ketdi. Bu haqda «Associated Press» xabar berdi.
Hodisa AQSHning Florida shtatidagi Kanaveral burnida joylashgan uchirish maydonchasida 28-may kuni kechqurun sodir bo‘lgan.
Nashrning yozishicha, portlash shunchalik kuchli bo‘lganki, atrofdagi uylarda silkinishlar sezilgan. Voqea vaqtida uchirish majmuasi ustida ulkan olovli shar ko‘tarilgan.
Kompaniya X ijtimoiy tarmog‘i orqali raketa sinovida «anomaliya yuz bergani»ni ma’lum qildi. Keyinroq gap kelasi hafta sun’iy yo‘ldosh uchirish uchun tayyorlanayotgan «New Glenn» raketa dvigatellari sinovi haqida ketayotgani tasdiqlandi.
AQSH Harbiy-havo kuchlari kosmik bazasi ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.
Sabablar o‘rganilmoqda
Kompaniya asoschisi Jeff Bezos portlash sabablari haqida xulosa chiqarishga hali erta ekanini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mutaxassislar hodisa sabablarini aniqlash ustida ish olib bormoqda.
«Juda og‘ir kun, lekin biz kerakli barcha narsani tiklaymiz va yana parvozlarga qaytamiz. Bu bunga arziydi», — dedi Bezos.
Raqobat kuchaymoqda
Portlash «Blue Origin» uchun muhim bosqichda sodir bo‘ldi. Kompaniya joriy kuzda Oyga qo‘nuvchi modul prototipining sinov parvozini o‘tkazishni rejalashtirgan edi. Shuningdek, u yaqinda «Artemis» dasturi doirasida Oy roverlarini uchirish bo‘yicha yirik shartnomaga ega bo‘lgan.
«SpaceX» rahbari Ilon Mask ham hodisaga munosabat bildirib, «Juda achinarli. Raketalar — murakkab narsa», deb yozdi. U «Blue Origin» jamoasi tez orada ushbu muammoni yengib o‘tishiga umid bildirdi.
«Reuters» ma’lumotiga ko‘ra, «Blue Origin» «New Glenn» dasturini yaratish uchun milliardlab dollar va qariyb o‘n yil vaqt sarflagan. Loyiha «SpaceX»ning «Falcon» raketalari va «Starship» tizimiga raqobatchi sifatida ko‘riladi.





