2050 yilga borib O‘zbekiston aholisi 52 milliondan oshadi

Bugun 07:552 daqiqa

Demografik tadqiqotlar O‘zbekiston aholisi o‘sishi saqlanib qolishini ko‘rsatmoqda, ammo aholining o‘rtacha yoshi oshib, tug‘ilish darajasi asta-sekin pasaymoqda.

2050 yilga borib O‘zbekiston aholisi 52 milliondan oshadi © Ijtimoiy tarmoqlar

UNICEF'ning «Markaziy Osiyoda 2050 avlodi» nomli tahliliy hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi so‘nggi o‘n yilliklarda barqaror o‘sishni namoyon etmoqda. 2000 yilda mamlakat aholisi 25 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 37 millionga yetgan.

Tashkilot prognozlariga ko‘ra, demografik o‘sish yaqin yillarda ham saqlanib qoladi. Xususan, 2030 yilga borib aholi soni 40 milliondan oshishi, 2050 yilga kelib esa 52 million nafardan yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Bu o‘sish asosan tug‘ilish darajasining o‘lim ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘lib qolayotgani bilan izohlanadi.

Rasmiy ma’lumotlar ham bu tendensiyani tasdiqlamoqda. 2026 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra O‘zbekiston aholisi 38,2 million nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 7-aprelga kelib bu raqam 38 million 401 ming 654 nafarga yetgan. Shu bilan mamlakat aholi soni bo‘yicha dunyodagi eng yirik 40 davlat qatoriga kirgan.

Aholi qarib bormoqda

Hisobotda aholining yosh tarkibida ham muhim o‘zgarishlar kuzatilayotgani qayd etilgan. 2000 yilda mamlakat aholisining o‘rtacha yoshi 20 yosh bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich qariyb 30 yoshga yetdi.

Prognozlarga ko‘ra, 2050 yilda aholining o‘rtacha yoshi 35 yoshni tashkil etadi. Shu bilan birga, mehnatga layoqatli aholi soni 2024 yildagi 23,9 million nafardan 2050 yilga borib 33 million nafardan oshadi.

Keksa aholi qatlami ham sezilarli o‘sadi. Agar 2024 yilda 65 yoshdan yuqori aholi soni 2,2 million nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2050 yilga kelib bu raqam uch barobarga oshib, 6 milliondan ortiq bo‘ladi.

Tug‘ilish sur’ati pasaymoqda

UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda tug‘ilish darajasi ham bosqichma-bosqich pasayib bormoqda. 1990 yillarda har bir ayol hissasiga o‘rtacha 4 nafardan ziyod farzand to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, keyingi yillarda bu ko‘rsatkich sezilarli qisqargan.

Prognozlarga ko‘ra, 2050 yilga kelib bir ayolga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha farzandlar soni 2,5–2,6 nafar atrofida bo‘ladi. Shu bilan birga, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 16 million atrofida saqlanib qolsa-da, ularning umumiy aholidagi ulushi kamayadi. Bu esa O‘zbekiston demografik jihatdan yosh aholi ustun bo‘lgan mamlakatdan asta-sekin yetuk aholi tarkibiga o‘tayotganini anglatadi.

Teglar

Mavzuga oid