Qozog‘istonda 2 ming va 10 ming tengelik eski banknotalar muomaladan chiqarilmoqda
Joriy yil oxirigacha Qozog‘istonda «Saq uslubi» seriyasidagi yangi 20 000 tengelik banknota chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, eski kupyuralarni almashtirish muddatlari ham e’lon qilindi.
© pixabay.comJoriy yilda 2000 va 10 000 tengelik eski namunadagi banknotalarning parallel muomala davri yakunlanadi. Shu bilan birga, «Saq uslubi» seriyasidagi 20 000 tengelik so‘nggi yangi banknotani yil oxirida chiqarish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Milliy banki ma’lum qildi.
Milliy bank eslatishicha, yangi banknotalar muomalaga chiqarilganda eski va yangi kupyuralarning parallel muomala davri joriy etiladi. Bu vaqt mobaynida aholi mazkur banknotalar orqali bemalol to‘lov qilishi va ularni yangisiga almashtirishi mumkin. Shu davrda banklar bankomatlar va kassa uskunalarini moslashtiradi.
«Qazaq Yeli» tasvirlangan kupyuralar
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilda 2000 va 10 000 tengelik banknotalar uchun parallel muomala davri tugaydi. Gap 2012-yil namunasidagi, «Qazaq Yeli» monumenti tasvirlangan kupyuralar haqida ketmoqda:
— 10 000 tenge — 2024-yil 28-iyundan 2026-yil 27-iyungacha;
— 2 000 tenge — 2024-yil 25-dekabrdan 2026-yil 24-iyungacha.
Milliy bankda qo‘shimcha qilishlaricha, 10 000 tengelik kupyuralar aholi va tadbirkorlar orasida eng keng tarqalgani sababli, ular uchun muddatni uzaytirish varianti ham ko‘rib chiqilmoqda.
Shu bilan birga, bunday kupyuralarni 2029-yil 25-iyungacha tijorat banklari va «Kazpost» bo‘limlarida almashtirish mumkin. Qozog‘iston Milliy banki filiallarida esa almashtirish muddatsiz amalga oshiriladi.





