Tramp Eron bilan sulhni uzaytirish bo‘yicha qaror qabul qiladi: Oq uy Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishni talab qilmoqda

Qozog‘iston Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini o‘z hududiga qabul qilishga tayyor. Ushbu tashabbus Tramp Eron bilan tuzilgan otashkesimni uzaytirish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha yakuniy qarorga kelayotgan bir paytda o‘rtaga tashlanmoqda.

Tramp Eron bilan sulhni uzaytirish bo‘yicha qaror qabul qiladi: Oq uy Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishni talab qilmoqda

Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp Eron bilan aprel oyi boshida tuzilgan otashkesimni yana 60 kunga uzaytirish bo‘yicha kelishuv yuzasidan yaqin vaqt ichida yakuniy qarorini e’lon qiladi. Bu haqda «Reuters» agentligi xabar berdi.

Trampning ta’kidlashicha, kelishuvga erishish uchun Eron yadroviy qurol yaratish dasturidan voz kechishi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini cheklovlarsiz ochishi shart.

Oq uydagi muhokamalar va Trampning talablari
Tramp Oq uyning maxsus vaziyatlar xonasida (Situation Room) yuqori martabali mulozimlar bilan ikki soatlik uchrashuv o‘tkazdi. Oq uy vakilining ma’lum qilishicha, muhokamalar davomida prezidentning yakuniy qarorga kelgan yoki kelmagani ochiqlanmagan.

Rasmiyning qayd etishicha, Tramp faqatgina AQSH manfaatlariga mos keladigan va Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydigan bitimnigina ma’qullaydi.

AQSH Prezidentining talabiga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi zudlik bilan, hech qanday boj yoki to‘lovlarsiz va ikki tomonlama kema qatnovi uchun ochilishi kerak. Shuningdek, Tramp o‘z bayonotida bo‘g‘ozdagi minalar tozalanishi va u yerda qolib ketgan kemalarning uyga qaytishiga imkon yaratilishini bildirgan.

Eronning munosabati va mintaqaviy shartlari

Eron tomoni AQSHning ushbu talablarini to‘liq qabul qilgani yo‘q. Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bag‘aiy davlat televideniyesida chiqish qilib, bo‘g‘ozni boshqarish masalasi faqat Eron va O‘mon tomonidan hal etilishi kerakligini ta’kidladi.

Eronning yarim rasmiy «Fars» axborot agentligi xabariga ko‘ra, bo‘g‘oz faqat AQSH Eron kemalariga qo‘ygan blokadasini bekor qilganidan so‘ng, Tehron shartlari asosida qayta ochilishi mumkin. Agentlik o‘z manbalariga tayanib, Trampning bayonotlarini «soxta g‘alabani tasvirlashga urinish» deb atagan. AQSH Moliya vaziri Skott Bessent esa kelishuv amalga oshsa, blokada asta-sekin olib tashlanishi mumkinligini bildirgan.

Shu bilan birga, Eron barcha sanksiyalarning bekor qilinishini, AQSH kuchlarining mintaqadan olib chiqilishini va tinchlik bitimi doirasida Isroilning Livandagi harbiy amaliyotlari to‘xtatilishini ham talab qilmoqda.

Muzlatilgan mablag‘lar va yadroviy masala

«Fars» agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, muzokaralarda Eronning muzlatilgan 12 milliard dollarlik aktivlarini qaytarish bo‘yicha o‘zaro tushunishga erishilgan. Biroq Donald Tramp keyingi ko‘rsatmalarga qadar hech qanday moliyaviy mablag‘ almashinuvi bo‘lmasligini ma’lum qildi.

Yadroviy masala yuzasidan esa, BMTning Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) rahbari Rafael Grossi «Financial Times» nashriga bergan intervyusida, kelishuv amalga oshgan taqdirda, Qozog‘iston Tehronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxirasini qabul qilishga tayyorligini bildirgan. Shunga qaramay, ismi sir qolishini so‘ragan eronlik yuqori martabali mulozim Reuters agentligiga ushbu potensial kelishuv yadroviy masalalarni o‘z ichiga olmasligini aytgan.

Saylovlar arafasidagi bosim va urush oqibatlari


Donald Tramp noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Kongress saylovlari yaqinlashar ekan, saylovchilarning noroziligiga sabab bo‘layotgan yonilg‘i narxlarini tushirish maqsadida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha kuchli siyosiy bosim ostida qolmoqda. Ayni paytda u o‘z partiyasidagi konservativ qarashdagi siyosatchilar tomonidan Eronga yon bosishda ayblanishi mumkinligidan ham xavotirda.
28-fevral kuni AQSH va Isroil tomonidan boshlangan harbiy harakatlar oqibatida, asosan Eron va Livanda minglab odamlar halok bo‘ldi. Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi esa jahon energiya bozorida narxlarning keskin ko‘tarilishiga olib keldi. Livan rasmiylariga ko‘ra, Isroil zarbalari oqibatida 3200 dan ortiq kishi qurbon bo‘lgan. Isroil tomoni esa 23 nafar askar va 4 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

Teglar

Mavzuga oid