Belgiya Toshkentda elchixonasini ochmoqda

Shu vaqtgacha Belgiya O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalarning asosiy qismini Ostonadagi elchixonasi orqali yuritib kelgan.

Belgiya Toshkentda elchixonasini ochmoqda © Depositphotos

Belgiya hukumati O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida o‘z elchixonasini ochishni rejalashtirmoqda. Bu qadam ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, diplomatik va iqtisodiy munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi, deya xabar bermoqda Eureporter nashri.

Ma’lumot uchun, Belgiya O‘zbekiston mustaqilligini 1991 yil 31-dekabrda tan olgan bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992 yil 10-martda o‘rnatilgan.

O‘zbekiston esa 1995 yildan buyon Brusselda o‘z elchixonasiga ega. Shu vaqtgacha Belgiya O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalarning asosiy qismini Ostonadagi elchixonasi orqali yuritib kelgan.

So‘nggi sakkiz yil ichida O‘zbekiston va Belgiya o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada faollashdi. 2025 yil oktabr oyida Mirziyoyevning Brusselga rasmiy tashrifi ham ikki tomonlama munosabatlarda muhim bosqich bo‘ldi. Tashrif davomida investitsiyalar, savdo, logistika va sanoat sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2020 yildagi 70 million dollardan 2024 yilda 212,7 million dollarga yetgan.O‘zbekiston Belgiyaga to‘qimachilik mahsulotlari, oziq-ovqat, kimyo va sanoat mahsulotlarini eksport qilmoqda. Belgiya esa mashinasozlik uskunalari, farmatsevtika mahsulotlari va yuqori texnologiyali jihozlarni yetkazib bermoqda.

Hozirda O‘zbekistonda Belgiya kapitali ishtirokidagi 16 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ular orasida to‘qimachilik sanoati uchun uskunalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ham bor.

Nashrning ta’kidlashicha, Belgiyaning Toshkentda elchixona ochish qarori oddiy diplomatik qadam emas. Bu O‘zbekistonning Yevropa uchun muhim iqtisodiy va strategik sherik sifatidagi o‘rni mustahkamlanayotganining navbatdagi tasdig‘i hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid