Qozog‘istonda An-2 samolyoti halokatga uchradi

Bugun 16:321 daqiqa

Qozog‘istonning Pavlodar viloyatida aviakimyoviy ishlarini bajarayotgan An-2 samolyoti qulashi oqibatida bir uchuvchi halok bo‘ldi, ikkinchi uchuvchi esa og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi.

Qozog‘istonda An-2 samolyoti halokatga uchradi © inbusiness.kz.

Fojia 27-may kuni Pavlodar viloyatining Jelezinka qishlog‘i yaqinida sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, An-2 rusumli samolyot elektr uzatish liniyalariga tegib ketganidan keyin qulagan. Bu haqda Qozog‘iston Transport vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlikka ko‘ra, havo kemasi aviakimyoviy ishlarini amalga oshirayotgan bo‘lgan. Samolyot bortida ikki nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Hodisa oqibatida uchuvchilardan biri voqea joyida halok bo‘lgan.

Ikkinchi uchuvchi Favqulodda vaziyatlar departamenti xodimlari tomonidan samolyot ichidan olib chiqilgan. U hushida bo‘lgan holda Jelezinka tuman shifoxonasiga yetkazilgan. Keyinchalik esa ofatlar tibbiyoti markazi orqali Pavlodar shahridagi 1-sonli shifoxonaning politravma bo‘limiga ko‘chirilgan.

Ma’lum qilinishicha, halok bo‘lgan uchuvchi shu kuni 29 yoshni qarshi olgan. Jarohatlangan ikkinchi uchuvchi esa 1998 yilda tug‘ilgan. Shifokorlar uning ahvoli bo‘yicha tekshiruvlardan keyin qo‘shimcha ma’lumot berishini bildirgan.

Qozog‘iston Transport vazirligi hodisa sabablarini transportdagi hodisa va insidentlarni tergov qilish departamenti o‘rganishini ma’lum qildi. Mutaxassislar voqea joyiga yetib borgan.

Samolyot halokati yuzasidan Pavlodar transport politsiyasi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tergov doirasida samolyotning texnik holati, parvoz sharoiti va elektr tarmoqlariga tegib ketish ehtimoli o‘rganilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid