Gaz, neft va ko‘mir qazib olish pasaymoqda: energetika sektorida nima bo‘lyapti?

2019-yilgacha gazni import qilmagan O‘zbekiston endilikda importni keskin oshirib, eksportni sezilarli qisqartirmoqda. Bularning barchasi gaz qazib olish qisqarishi fonida bo‘lyapti.

Gaz, neft va ko‘mir qazib olish pasaymoqda: energetika sektorida nima bo‘lyapti? © RIA Novosti

2026-yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonda tabiiy gaz ishlab chiqarish 16 foizga kamayib, 12,6 mlrd metr kubni tashkil qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotidan ma’lum bo‘ldi.

Tabiiy gazdan tashqari ko‘mir va gaz kondensatini ishlab chiqarish ham sezilarli pasaydi — mos ravishda 27,8 foiz va 19,2 foizga. To‘rt oyda 1,3 mln tonna ko‘mir va 319,3 ming tonna gaz qazib olingan.

1


Avtomobil benzinini ishlab chiqarish 7,1 foizga o‘sib, 390 ming tonnadan 417,5 ming tonnaga yetdi. Dizel ishlab chiqarish esa 17,1 foizga sezilarli o‘sdi va 381 ming tonnani tashkil qildi.

Gaz qazib olish qisqarishi O‘zbekistonda 2019-yildan beri davom etmoqda. O‘sha yili mamlakatda 60 mlrd metr kubdan oshiq gaz ishlab chiqarilgan.

2


2025-yilda gaz qazib olish 42,3 mlrd metr kubgacha pasayib, so‘nggi yillardagi eng past darajalardan biriga tushdi. O‘zbekiston-2030 strategiyasiga ko‘ra, gaz qazib olish 2026-yilda ham pasayishda davom etadi — 40,2 mlrd metr kubgacha.

Rejaga ko‘ra, 2026-yildan keyin gaz qazib olish o‘sishni boshlaydi va 2030-yilga kelib 48,5 mlrd metr kubga yetadi.

Kelgusi yillarda gaz qazib olish quyidagidek bo‘lishi kutilmoqda (metr kubda):
2027-yil — 42,9 mlrd (+6,7 foiz);
2028-yil — 44,5 mlrd (+3,7 foiz);
2029-yil — 45,5 mlrd (+2,2 foiz);
2030-yil — 48,5 mlrd (+6,6 foiz).

Shunga qaramay, 2030-yilga kelib ham gaz qazib olish hajmi 2019-yilgi yuqori ko‘rsatkichga yaqinlashmaydi.

Aslida gaz qazib olish ko‘rsatkichini yanada ko‘paytirish reja qilingandi. 2023 yilgi O‘zbekiston-2030 strategiyasida qazib olish hajminini yana 60 mlrd metr kubdan oshirish vazifasi qo‘yilgandi.

Amalda hukumat uchun hozircha bu marra real ko‘rinmayapti.

Gaz oldi-sotdisi qanday bo‘lyapti?

Ishlab chiqarishning pasayishi fonida O‘zbekiston gaz eksportini sezilarli kamaytirdi.

Joriy yilning dastlabki to‘rt oyida O‘zbekiston 129,4 mln dollarlik gazni chet elga yetkazib berdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 35,2 foizga kamroq. 2019-yilning shu davriga nisbatan esa gaz eksporti qariyb 7 barobarga tushib ketgan.

2026-yilning yanvar-aprel oylarida gaz importi 53,6 foizga o‘sdi va 508,3 mln dollarga yetdi. 2019-yilgacha gazni umuman import qilmagan davlat, xorijdan gaz olib kelishni ham ko‘paytirmoqda.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 178

Barchasi

Mavzuga oid