Yer osti qudug‘i uchun suv hisoblagichini onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin

Bugun 17:512 daqiqa

O‘zbekistonda quduqlar uchun suv hisoblagichlarini YAIDXP orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tkazilsa, xizmat narxiga 10 foizlik chegilma beriladi.

Yer osti qudug‘i uchun suv hisoblagichini onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin © kuban.aif.ru

O‘zbekistonda yer osti suvlaridan foydalanishni nazorat qilish maqsadida quduqlarga o‘rnatilgan suv hisoblagichlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ro‘yxatdan o‘tkazish va plombalash xizmati ishga tushirildi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali matbuot xizmati ma’lum qilishicha, yangi xizmat portalning «Geologiya» bo‘limida joylashtirilgan. U orqali yer osti suvlarini olish uchun quduqlarga o‘rnatilgan hisoblagichlarni rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish va plombalash mumkin bo‘ladi.

Arizalar sutkaning istalgan vaqtida qabul qilinadi. Murojaatda suv inshootining manzili, quduqlar soni, hisoblagichlar haqidagi ma’lumotlar, jumladan, zavod raqami, rusumi, modeli va muvofiqlik sertifikati ko‘rsatilishi talab etiladi.

Xizmat narxi

Xizmat qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizini, ya’ni 206 ming so‘mni tashkil qiladi. Agar ariza Yagona portal orqali onlayn yuborilsa, 10 foizlik chegirma qo‘llanadi va to‘lov miqdori 185 ming 400 so‘mga teng bo‘ladi.

Mahalliy gidrogeologik stansiya hisoblagichni tizimda ro‘yxatdan o‘tkazgandan so‘ng, soliq inspeksiyasining mas’ul xodimi 10 ish kuni ichida obyektga chiqib, qurilmaning ishlashini tekshiradi va uni plombalaydi.

Suv hisoblagichlarini ro‘yxatdan o‘tkazishga mas’ul tashkilot

Plombalash ishlari yakunlangach, dalolatnomaning elektron nusxasi ariza beruvchining Yagona portal shaxsiy kabinetiga yuboriladi. Vazirlar Mahkamasi 2025 yil sentabrida mazkur xizmat reglamentini tasdiqlagan edi.
Hujjatga muvofiq, quduqlarda suv hisoblagichlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Geologiya va konchilik vazirligi huzuridagi «O‘zbekgidrogeologiya» tashkiloti mas’ul etib belgilangan.

Shuningdek, 30-noyabrdan boshlab quduqlarda hisoblagich o‘rnatish majburiy hisoblanadi. Artezian suvlaridan hisoblagichsiz foydalanish taqiqlanadi. Faqat jismoniy shaxslarning shaxsiy va xo‘jalik ehtiyojlari uchun sutkasiga 5 kub metrgacha suv olishi bundan mustasno hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid