Umumiy ovqatlanish va savdo korxonalari uchun 6 foizlik QQS tartibi joriy etiladi
2026-yil 1-iyundan savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari uchun 6 foiz soddalashtirilgan QQS, 0 foiz foyda solig‘i joriy etiladi. Shuningdek, QQSning 40 foizi qaytarib beriladi.

O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyundan 2030 yil 1-yanvarga qadar umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlar uchun ixtiyoriy ravishda 6 foizlik soddalashtirilgan QQS tartibi joriy etilib, ushbu rejimda foyda solig‘i stavkasi 0 foiz etib belgilanadi va soliq hisobotini topshirish bekor qilinadi. Bu haqda Prezidentning 2026-yil 29-maydagi tegishli Farmonida ma’lum qilindi.
Kichik va o‘rta biznesni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mazkur farmonga ko‘ra, 2026 yil 1-iyundan boshlab sohada quyidagi yengilliklar tatbiq etiladi:
• Mehmonxona va umumiy ovqatlanish korxonalarida alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishda naqd pul to‘lovlarini qabul qilishga ruxsat beriladi.
• Umumiy ovqatlanish korxonalariga to‘langan QQSning bir qismini qaytarish, tushumning naqd pulsiz shaklda tushgan ulushidan qat’i nazar, 40 foiz miqdorida amalga oshiriladi.
• Ovqatlanish korxonalari uchun xodimlarni mehnat organlarining mobil ilovasi orqali soddalashtirilgan tartibda shu kunning o‘zida rasmiylashtirish joriy etiladi.
• Ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlariga tutash hududlardan foydalanish uchun ijara to‘lovi yer solig‘ining bir baravari miqdorida belgilanadi.
Bundan tashqari, 2027-yil 1-yanvardan boshlab chakana savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol sotish huquqi uchun yig‘imlar birlashtirilib, uning stavkasi bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi etib belgilanadi.
Soddalashtirilgan 6 foizlik QQS tartibiga o‘tgan korxonalarda sotib olingan tovarlar bo‘yicha QQS summasini hisobga olish huquqi berilmaydi, biroq ulardan mahsulot xarid qilgan xaridorlar bu huquqqa ega bo‘ladi.





