
Tojikiston Afg‘onistonliklarga 15 kun ichida mamlakatni tark etishni buyurdi
09.07.2025 | 15:4027422
Tojikiston hukumati so‘nggi haftalarda yuzaga kelgan yangi amaliyot doirasida yuzlab afg‘onistonlik qochqinlarni hibsga olib, ularni deportatsiya qilmoqda. Bu jarayon rasmiy yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lgan yoki boshpana so‘rab murojaat qilgan shaxslarni ham qamrab olmoqda.

«Khaama Press» agentligi manbalarga tayanib xabar berishicha, xavfsizlik kuchlari har kuni o‘nlab afg‘on erkaklarini ish joylaridan olib ketmoqda. Ular oila a’zolariga xabar berilmasdan yo‘qolgan, ayrimlari esa Kanada kabi davlatlarga ko‘chirilishi kutilayotgan shaxslar ekani aytilmoqda. Deportatsiya qilinsa, ular xavf ostida qolishi mumkin.
Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Tojikistonda 13 mingdan ziyod afg‘onistonlik istiqomat qilmoqda. Ular orasida 2021 yilda Tolibon hokimiyatga kelgach, mamlakatdan chiqib ketgan sobiq hukumat xodimlari va harbiylar bor.
Ma’lum qilinishicha, bu amaliyot mintaqaviy siyosatning bir qismi bo‘lib, so‘nggi oylarda Eron va Pokiston ham shunga o‘xshash choralar ko‘rgan. Xalqaro tashkilotlar hozircha mazkur holatga rasmiy munosabat bildirmagan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil boshidan beri 1 mlndan ziyod afg‘onistonlik Eron va Pokistondan majburan qaytarilgani ma’lum qilingan edi.





