To‘qayev va Mirziyoyevning norasmiy uchrashuvi, «Askiya» bozorining yopilishi va yonilg‘i quyish shoxobchalarida naqdsiz tushumlar — 10-aprel dayjesti

Kecha 23:313 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

To‘qayev va Mirziyoyevning norasmiy uchrashuvi, «Askiya» bozorining yopilishi va yonilg‘i quyish shoxobchalarida naqdsiz tushumlar — 10-aprel dayjesti

Mirziyoyev va To‘qayev Buxoroda muzokara o‘tkazadi

Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahriga jo‘nab ketdi va u yerda 11-aprel kuni Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazadi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

Tashrif doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari asosiy kun tartibidan o‘rin olgan.

Shuningdek, siyosiy muloqotni kengaytirish, parlamentlararo va hukumatlararo aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilishi kutilmoqda.

Muzokaralarda tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va transport, energetika, suv hamda ekologiya sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilinadi. Bundan tashqari, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish ham kun tartibida bor.

Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyati bo‘yicha yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi

O‘zbekistonda Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish bo‘yicha konstitutsiyaviy qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, markaz raqobatbardosh kapital bozorini shakllantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan maxsus hudud bo‘lib, alohida huquqiy rejim joriy etiladi. Qonunlar iyerarxiyasida markaz hujjatlari ustuvor bo‘ladi (Konstitutsiyadan tashqari), shuningdek Angliya va Uels huquqi tamoyillari qo‘llaniladi. Markazda mustaqil tijorat sudi tashkil etilib, ish yuritish tili ingliz tili bo‘ladi.

Loyihada markaz ishtirokchilariga 2076 yilgacha soliq imtiyozlari berish, xorijiy valutada erkin operatsiyalar o‘tkazish va kapitalni erkin chiqarish kafolatlanishi nazarda tutilgan. Shuningdek, kripto-aktivlar bozorini rivojlantirish, birjalarni litsenziyalash va nazorat qilish rejalashtirilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilgacha 20–25 mlrd dollar investitsiya jalb qilinishi, YAIMni har yili qo‘shimcha 1 foizga oshirish, 15 minggacha ish o‘rni yaratish va 10 ming mutaxassis malakasini oshirish kutilmoqda.

Yonilg‘i quyish shoxobchalarida naqdsiz tushumlar hajmi ma’lum qilindi

3–8-aprel kunlari O‘zbekistondagi yonilg‘i quyish shoxobchalarida tushumlar barqaror yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etdi. 3-aprelda tushum 92 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 4–6-aprel kunlari jami 395,5 mlrd so‘mga yetgan. 7-aprelda 116,1 mlrd so‘m, 8-aprelda esa 117,1 mlrd so‘m tushum qayd etildi va umumiy dinamikada o‘sish tendensiyasi saqlanib qoldi.

Ushbu davrda to‘lovlarning 92–95 foizi bank kartalari orqali amalga oshirilgan. Ayni paytda mamlakatda 70 mlndan ortiq bank kartalari muomalada bo‘lib, 170 mingga yaqini moment kartalarni, 60 mingdan ortig‘i yonilg‘i kartalarini tashkil etadi. Shuningdek, 46 mingdan ziyod bankomat, ADM va infokiosklar faoliyat yuritmoqda, ularning 7 mingdan ortig‘i naqd pul qabul qilish imkoniyatiga ega.

O‘zbekistonliklar o‘qish uchun qaysi davlatlarni tanlayotgani ma’lum qilindi

2026 yil yanvar–fevral oylarida O‘zbekistondan 3 964 nafar fuqaro o‘qish maqsadida xorijga chiqqan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,2 ming nafarga kam va 23,6 foizlik pasayishni anglatadi. Talabalar oqimi kamayganiga qaramay, asosiy ta’lim yo‘nalishlari o‘zgarishsiz qolgan.

Eng ko‘p talabalar Rossiyaga (989 nafar) yo‘l olgan, keyingi o‘rinlarda Janubiy Koreya (679 nafar) va Qirg‘iziston (639 nafar) qayd etilgan. Shuningdek, Turkiya (300 nafar), Tojikiston (276 nafar) va Xitoy (252 nafar) ham ommabop yo‘nalishlardan bo‘lib qolmoqda, yana 829 nafar fuqaro boshqa davlatlarni tanlagan.

Toshkentdagi yana bir bozor vaqtincha yopildi

Toshkent shahridagi “Askiya” dehqon bozori yong‘in xavfsizligi qoidalari qo‘pol buzilgani sababli vaqtincha yopildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruvlar davomida bir qator bozorlarda jiddiy kamchiliklar aniqlangan. Jumladan, “Navro‘z”, “Qo‘yliq” qurilish bozori, “Abu Saxiy”, “Farhod” kabi savdo obyektlarining ayrim hududlarida qoidalar buzilgani qayd etilgan va ayrim joylarda elektr ta’minoti vaqtincha uzilgan.

“O‘rikzor” savdo kompleksining to‘qqizta bloki ham elektr tarmog‘idan uzilgan, “Askiya” bozorida esa butun bozor faoliyati to‘xtatilgan. Kamchiliklar bartaraf etilgandan so‘ng ish faoliyati tiklanishi bildirilgan. Vazirlikka ko‘ra, bu choralar xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, 5-aprel kuni Chilonzordagi yong‘indan so‘ng nazorat tadbirlari kuchaytirilgan.

Teglar

Mavzuga oid