add

Toshkent ko‘chalaridagi 8 yil oldin xavfli deb topilib olib tashlangan to‘siqlar yana o‘rnatilmoqda

Toshkent shahridagi yirik ko‘chalar o‘rtasiga metall to‘siqlar qayta o‘rnatila boshladi. 2017-2018 yillarda poytaxt hokimligi va YHXB ularni xavfli va samarasiz deb aytgan edi.

Toshkent ko‘chalaridagi 8 yil oldin xavfli deb topilib olib tashlangan to‘siqlar yana o‘rnatilmoqda

Toshkentning markaziy ko‘chalaridagi 8 yil avval xavfli deb topilgan metall to‘siqlar qayta o‘rnatila boshlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, temir panjaralar Toshkent shahri ko‘cha va yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlash va piyodalar bilan bog‘liq bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida o‘rnatilmoqda. Eng qiziq jihati shundaki, 2017-2018 yillarda aynan shu sabab bilan temir to‘siqlar olib tashlangan edi.

2025 yil may oyida Toshkent shahar hokimi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan temir panjaralar o‘rnatish uchun 6,9 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Qayd etilishicha, temir to‘siqlarni o‘rnatadigan pudratchi «Qarshi Stroy Sentr» kompaniyasi. Kompaniya 2025 yil 10−28-noyabr kunlari Toshkent shahri hokimiyati qoshidagi «Yagona buyurtmachi xizmati» tomonidan o‘tkazilgan to‘siq o‘rnatish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lgan. Tender natijalariga ko‘ra, «Qarshi Stroy Sentr» eng yuqori ball to‘plagan holda g‘olib bo‘lgan va 6 mlrd 6 mln 446 ming 265,20 so‘mga (QQS bilan) 90 kun ichida qurilish ishlarini bajarish majburiyatini olgan.

Tenderda:

— «Qurilish Impex Group»;

— «Zastroy»;

— «Star Invest Build»;

— «Horizon Builders»;

— «Bunyodkor Kompleks Invest»;

— «Elmurod Qurilish Servis» kompaniyalari ham qatnashgan.

rasm 1

Temir to‘siqlar o‘rnatiladigan ko‘chalar

Gazetauz tanishgan hujjatlarga ko‘ra, quyidagi ko‘chalarda metall panjaralar o‘rnatiladi:

— Islom Karimov ko‘chasida — «Xalqlar do‘stligi» saroyidan Vazirlar mahkamasigacha bo‘lgan butun qism bo‘ylab (1,8 km);

— Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida — Do‘rmon yo‘li va Feruza ko‘chalari oralig‘ida, 6-poliklinikadan Ginekologiya institutigacha bo‘lgan qismida (1,6 km);

— Feruza va Yuzrabot ko‘chalarida — Ekobozordan temiryo‘l liniyasigacha (3,55 km);

— Mirobod ko‘chasida — Shota Rustaveli va Afrosiyob ko‘chalari oralig‘ida, «Grand Mir» mehmonxonasidan O‘zbekiston IIV binosigacha bo‘lgan qismida (1,45 km);

— Sag‘bon ko‘chasida — «Chorsu» bozori ro‘parasida (1,2 km);

— Yangishahar ko‘chasida — Ahmad Donish va Yangi Yunusobod ko‘chalari oralig‘ida, Yunusobod dehqon bozori ro‘parasi (1,1 km);

— Alisher Navoiy va Beruniy ko‘chalarida — Furqat ko‘chasidan Ozod ko‘chasigacha, «Ko‘kaldosh» madrasasi ro‘parasida (1,75 km).

Yo‘l chetlari bo‘ylab to‘siqlar quyidagi ko‘chalarda o‘rnatiladi:

— Toshkent halqa yo‘lida — Pedagogika instituti (700 m) va O‘zbekiston jahon tillari universiteti (600 m) ro‘parasida.

To‘rsimon panjaralar («Yevrozabor» turi) o‘rnatiladi:

— Bektemir shohko‘chasi markazi bo‘ylab, Qo‘yliq bozori ro‘parasidagi THAY ko‘prigida (250 m);

— Qoraqamish ko‘chasi 1-uyda — Qush bozori bozori ro‘parasi (1,4 km);

— Aviasozlar ko‘chasida — «Aviasozlar» bozori ro‘parasida (300 m);

— THAYda — Ibn Sino massivining ro‘parasida (2 km);

— «Favvora» restorani ro‘parasidagi THAY yo‘lining chetlari bo‘ylab, «Sassiq» ko‘prigining Qo‘yliq tomon (200 m) qismida;

— Yangi Sergeli ko‘chasida — avtomobil bozori ro‘parasida (250 m).

Ma’lumot uchun: 2017 yilda Toshkent shahar ma’muriyati yirik ko‘chalar o‘rtasiga o‘rnatilgan metall to‘siqlar, ayniqsa piyodalar o‘tish joylari va chorrahalar atrofida, haydovchilar uchun ko‘rinishni cheklayotganini ochiq tan olgan. Keyinchalik, 2018 yilda YHXB ham rasmiy bayonot berib, 30 ta ko‘chadagi to‘siqlar harakat xavfsizligini oshirmagani, aksincha, haydovchilar va piyodalar uchun qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirganini qayd etgan. O‘tgan yilda esa Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ko‘chalar o‘rtasiga yashil va boshqa rangdagi to‘rli panjara o‘rnatishni boshlagan. Boshqarma esa bunga yo‘lning qatnov qismini belgilanmagan joylardan kesib o‘tishning oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va piyodalar oqimini tartibga solingan, kesib o‘tish uchun mo‘ljallangan joylarga yo‘naltirish maqsadida o‘rnatilayotganini sabab qilib ko‘rsatgan.

Teglar

Mavzuga oid