
Toshkentda Xitoy kompaniyalari bilan 20 dan ortiq kelishuv imzolandi
26.05.2025 | 17:401562
Toshkentda 25 may kuni Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan savdo va investitsiya sohalarida hamkorlikka oid 20 dan ortiq kelishuv imzolandi. Hujjatlar Futszyan provinsiyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida tuzildi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, kelishuvlar qurilish materiallari, to‘qimachilik, avtomobilsozlik va tog‘-kon sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Tadbirda Xiamen ITG Group,Fujian Xinwancheng Investment, Sitong Stone Company va Fuzhou Fuqiang Precision kabi yirik kompaniyalar ishtirok etdi.
Shu bilan birga, Xorijiy investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash agentligi va Xitoy xalqaro investitsiya va savdo yarmarkasi (CIFIT) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat O‘zbekistonda sarmoyaviy muhitni yaxshilash va investorlarni jalb etishga xizmat qiladi.
Futszyan Xitoyning eng rivojlangan hududlaridan biri bo‘lib, 2024 yilda yalpi ichki mahsuloti 800 milliard dollardan oshdi. Shu mintaqadagi *Fuzhou Fuqiang Precision* kompaniyasi elektromobil uchun qismlar ishlab chiqarishda mutaxassislashgan.
Kelishuvlar O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.





