Toshkentdagi uylar narxiga ta’sir qiluvchi omillar, futbol ishqibozlari uchun 5000 dollarlik «chek» va Parkentga boradigan temir yo‘l — 13-aprel dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

JCH-2026: O‘zbekistonlik futbol muxlisiga safar qanchaga tushadi?
2026 yilgi Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasini stadiondan turib qo‘llab-quvvatlash uchun muxlislar bir qator xarajatlarni amalga oshirishiga to‘g‘ri keladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, guruh bosqichi o‘yinlari uchun chiptalar rasmiy ravishda 60 dollardan boshlanadi, ammo talab yuqori bo‘lgani sababli qayta sotuv bozorida narxlar 297 dollardan 600 dollargacha va undan yuqoriga chiqishi mumkin. Mehmondo‘stlik paketlari esa 1 400 dollardan boshlanib, 6 750–8 275 dollargacha yetadi.
Safar xarajatlari tarkibiga viza (435 dollar), aviachiptalar (o‘rtacha 2 600 dollar), shaharlar o‘rtasidagi parvozlar va mehmonxona xarajatlari ham kiradi. Umumiy hisobda, uchta o‘yinni joyida tomosha qilish uchun chiptalar taxminan 1 300 dollarga tushishi mumkin, barcha asosiy xarajatlar qo‘shilganda esa bir muxlis uchun safar o‘rtacha 4,5–5 ming dollar atrofida baholanmoqda.
Baytqo‘rg‘on – Parkent elektrlashtirilgan temir yo‘li qurib bitkazildi
Baytqo‘rg‘on-Parkent elektrlashtirilgan temir yo‘li tarmog‘ining qurilish ishlari yakunlandi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent viloyatining Parkent tumanida uzunligi 23,8 km bo‘lgan mazkur bir izlik temir yo‘l liniyasining qurilishi 2025-yil boshida boshlangan edi.
Loyiha doirasida ko‘priklar, tunnel va infratuzilma obyektlari barpo etildi. Temir yo‘lda kuniga 275 ming nafargacha yo‘lovchi tashish mumkin.
Toshkent shahar hokimligi 2025 yilning eng yopiq davlat organi bo‘ldi
2025 yil uchun davlat organlari ochiqlik indeksi natijalariga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligi va Andijon viloyati hokimligi eng past ko‘rsatkichlarni qayd etib, «qizil» toifaga kiritildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, jami 97 ta davlat organi 84 ta mezon va sakkizta indikator asosida baholangan.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 66 ta tashkilot «yashil», 22 tasi «sariq», 9 tasi «qizil» toifaga kiritilgan bo‘lib, 2022 yilga nisbatan ijobiy dinamika kuzatilgan. Eng yuqori ko‘rsatkichlar «Navoiy kon-metallurgiya kombinati», «O‘zbekgidroenergo», «O‘zavtosanoat», «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati», shuningdek Raqamli texnologiyalar va Adliya vazirliklari tomonidan qayd etilgan, past natijalar qatorida esa «O‘zbekiston temir yo‘llari» va «O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish agentligi» ham bor.
Uy-joy bozori tahlili: Toshkentdagi eng qimmat uylar qaysi hududlarda joylashgan?
2025 yilda Toshkent shahrida uy-joy narxlari hududlar kesimida farqlangan bo‘lib, eng yuqori ko‘rsatkich Mirobod tumanida qayd etildi — bu yerda narxlar Olmazorga nisbatan o‘rtacha 23,7 foizga yuqori. Eng past narxlar esa Bektemir tumanida kuzatilib, bozor o‘rtachasidan 24,4 foizga arzon bo‘lgan. Yunusobod tumanida ham talab oshib, 2025 yilga kelib narxlar Olmazorga nisbatan 10 foizgacha farq qilgan. Narxlarga joylashuv, infratuzilma va yangi qurilishlar ulushi ta’sir ko‘rsatgan.
Uy-joy qiymatiga qurilish turi, ta’mir holati va maydon ham ta’sir qilmoqda: g‘isht uylar panel uylarga nisbatan 3–6 foizga, yangi ta’mirlangan xonadonlar 7–8 foizga qimmat baholangan. 2025 yilda birlamchi bozor uylari ikkilamchiga nisbatan o‘rtacha 3 foizga qimmatlashgan. Respublika bo‘yicha dollarda narxlar oshgan bo‘lsa, so‘mda turlicha dinamika kuzatilgan, ijara narxlari 8,3 foizga o‘sgan. Shu bilan birga, Toshkentda yer uchastkalari narxi 9,4 foizga pasayib, bu chekka hududlarda taklif oshgani bilan izohlangan.
Islom sivilizatsiyasi markazi Ginness rekordlar kitobiga kiritildi
Bugun, 13-aprel kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi «Dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi» sifatida rasman e’tirof etilib, Ginness rekordlar kitobiga kiritildi.
Markaz Toshkentning mashhur Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda barpo etilgan. Bino uch qavatdan iborat bo‘lib, uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etadi. Gumbazining balandligi 65 metr, umumiy foydalanish hududi esa 42 ming kvadrat metrdan ziyod. Bu kabi noyob ko‘rsatkichlar uni «Ginnessning rekordlar kitobi»ga kiritish uchun ham asos bo‘lgan.
Tantanali taqdirlash marosimi «Guinness World Records» rasmiy vakili va hakami — Sheyda Subashi ishtirok etib, Markaz barcha xalqaro standartlarga to‘liq javob berishini tasdiqladi.





