
Trampning maxsus vakili Toshkentga keldi
AQSH prezidentining global hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampolli Osiyo Olimpiya Kengashining 46-Bosh Assambleyasida ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurdi.

AQSH prezidenti Donald Trampning global hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampolli bugun, 23-yanvar kuni Osiyo Olimpiya Kengashining 46-Bosh Assambleyasida ishtirok etish uchun Toshkentga keldi. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.
«Bu tashrif Qo‘shma Shtatlarning sport diplomatiyasi va sportdagi yutuqlar orqali xalqaro hamkorlikka sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Maxsus vakil Zampollining tashrifi Prezident Donald Trampning Amerika nafaqat diplomatiya va innovatsiyalarda, balki halol raqobat, intizom va jamoaviy ish davlatlarni ilhomlantiruvchi va xalqlarni birlashtiruvchi sportda ham yetakchi ekanligiga bo‘lgan qarashlarini ta’kidlaydi», – deyiladi elchixona xabarida.
Qayd etish joiz, bu Zampollining O‘zbekistonga birinchi tashrifi emas. U o‘tgan yil yozda ham Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qabulida bo‘lgan. O‘shanda Zampolli Shavkat Mirziyoyevga Prezident Donald Trampning samimiy salomi va O‘zbekiston mustaqilligi kuni munosabati bilan tabriklarini yetkazgan.





