
Trampning og‘zi «portladi» — Medvedev javoban «O‘lik qo‘l» tahdidini ishga soldi
31.07.2025 | 21:0035894
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya va Hindistonga qarshi keskin bayonotlar berdi. U Rossiya sobiq prezidenti Dmitriy Medvedevni «omadsiz» deb atadi va undan «gaplarini o‘ylab gapirishni» talab qildi. Medvedev esa bunga javobni kechiktirmadi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Truth Social platformasida Rossiya va Hindistonga qarshi tanqidiy fikrlar bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar ushbu mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni juda kam amalga oshiradi va bu borada jiddiy o‘zgarishlar kutilmayapti.
«Ular o‘lik iqtisodlarini birga halok qilishlari mumkin. Menga ahamiyatsiz. Biz Hindiston bilan juda kam hamkorlik qilamiz, ularda boj ko‘rsatkichlari juda yuqori, dunyodagi eng yuqorilaridan biri. Xuddi shunday, Qo‘shma Shtatlar Rossiya bilan ham deyarli hech qanday hamkorlik qilmaydi. Kelinglar, bu shu yo‘sinda davom etaversin», - deb yozdi Tramp.
Eng keskin bayonot esa Rossiya Xavfsizlik Kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevga qaratildi.
«O‘zini hanuz Rossiya prezidenti deb hisoblaydigan omadsiz, sobiq prezident Medvedevga yetkazing, gaplarini o‘ylab gapirsin. U juda xavfli hududga kirib kelyapti», - dedi AQSH prezidenti.
Bu Trampning Rossiya tomonidan ikkilamchi sanksiyalarga javoban AQSHga qarshi urush e’lon qilish bilan bog‘liq tahdidlarga bergan javobi bo‘ldi.
Medvedev esa Trampning postini javobsiz qoldirmadi. U AQSH rahbarining bayonotini asabiy deb baholadi va Rossiya o‘z yo‘lida qat’iylik bilan davom etishini ta’kidladi. Shuningdek, Medvedev Trampga «O‘lik qo‘l» tizimi haqida eslatdi. Bu Sovet Ittifoqi davrida ishlab chiqilgan va yadroviy zarbalarga avtomatik javob berishni ko‘zda tutuvchi tizim hisoblanadi. Tizim shunday mo‘ljallanganki, agar mamlakat rahbariyati yo‘q qilinsa va buyruq markazlari bilan aloqa uzilsa, u yadroviy zarbani avtomatik ravishda ishga tushiradi.





