add

Urgutda Tojikistondan 9 kg ga yaqin giyohvandlik vositasi olib kirmoqchi bo‘lganlar fosh etildi

25.10.2025 | 12:553021

Shuningdek, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida ham tojikistonlik narkokurerlar tomonidan aylanma yo‘llar orqali yurtimizga olib kelingan giyohvandlik vositalari aniqlangan.

Urgutda Tojikistondan 9 kg ga yaqin giyohvandlik vositasi olib kirmoqchi bo‘lganlar fosh etildi

Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida o‘tkazilgan giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tezkor tadbirda jami 11 kg dan ortiq narkotik moddalar fosh etilgan. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Samarqand viloyati Urgut tumanida 1998 yilda tug‘ilgan shaxs Tojikistondan 8 kilogramm 860 gramm «opiy» moddasini kontrabanda yo‘li bilan olib kirishga urinib, chegara qo‘shinlarining to‘xtash talabiga bo‘ysunmasdan qochgan. Biroq tezkor harakatlar natijasida u qo‘lga olingan. Tergov jarayonida uning 1966 yilda tug‘ilgan sherigi ham aniqlanib, ushlangani ma’lum qilindi.

Surxondaryo viloyatidagi holatda Denov tumanida yashovchi, muqaddam giyohvandlik savdosi uchun sudlangan shaxsning yonidan 31 gramm «opiy» topilgan. Tergovda u moddani 1978 yilda tug‘ilgan fuqarodan sotib olgani ma’lum bo‘lgan. Keyinchalik mazkur shaxsning uyidan yana 1 kilogramm 483 gramm «opiy» ashyoviy dalil sifatida olingan.

Xorazm viloyati Gurlan tumanida esa 1952 yilda tug‘ilgan, ikki marotaba sudlangan shaxs 877 gramm «gashish» moddasini 14 ming dollarga sotish vaqtida qo‘lga olingan. Aniqlanishicha, modda Tojikistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan.

Barcha holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida ish qo‘zg‘atilib, gumondorlarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. DXX jamiyatni «asr vabosi»ga qarshi kurashda hamkorlikka chaqirdi va oilalarni asrash muhimligini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid

undefined | Vaqt.uz