Logo

«UzAuto Motors»ni sotib olishga qiziqayotgan uch davlat nomi ochiqlandi

Bugun 21:381 daqiqa

O‘zbekiston avtomobil bozorining eng yirik korxonasi bo‘lgan UzAuto Motors xususiylashtirilishi bo‘yicha ikki yil oldin boshlangan jarayon yangi bosqichga o‘tdi.

«UzAuto Motors»ni sotib olishga qiziqayotgan uch davlat nomi ochiqlandi

UzAuto Motors va UzAuto Powertrain kompaniyalarini xususiylashtirish jarayoniga AQSH, Janubiy Koreya hamda Xitoy kompaniyalari qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov 8-oktabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar berdi Vaqt.uz muxbiri.

Agentlik rahbarining ta’kidlashicha, korxonalarni xususiylashtirish bo‘yicha amaliy ishlar ikki yil oldin boshlangan bo‘lib, Alvarez & Marsal xalqaro konsalting kompaniyasi tanlov asosida jalb etilgan. Ushbu kompaniya avtosanoat bozorida yirik bitimlarni amalga oshirish tajribasiga ega.

«Bugungi kunda bizga takliflar kelib tushmoqda. Xususan, Amerika kompaniyalari, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari tomonidan ham qiziqish bildirilgan. Lekin bu qiziqishlar qaysidir kompaniyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotiladi degani emas. Bunaqa signal ketmasligi kerak, chunki bu raqobatga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Ochiq, xalqaro savdo o‘tkazamiz», – dedi Sohibjon Murodov.

Xususiylashtirish qanday bosqichlarda o‘tadi?

Ma’lum qilinishicha, hozirda xususiylashtirish ssenariysi va savdolarni tashkillashtiruvchi xalqaro konsultantni aniqlash jarayoni olib borilmoqda. Keyingi bosqichlarda aktiv xalqaro darajada baholanadi va parallel ravishda «due diligence» (audit) ishlari o‘tkaziladi.

So‘ngra xalqaro maydonda qiziqish bildirgan talabgorlardan majburiyatga ega bo‘lmagan (EOI), keyin esa majburiyatli takliflar qabul qilinadi. Eng yaxshi taklif bergan investorlar bilan litsenziya va alyans shartlari asosida muzokaralar olib boriladi.

Teglar

Mavzuga oid

«UzAuto Motors»ni sotib olishga qiziqayotgan uch davlat nomi ochiqlandi | Vaqt.uz