Mirziyoyev Markaziy Osiyo bilan aloqalarni faol ilgari surayotgan AQSH senatori bilan uchrashdi
AQSH va Markaziy Osiyo hamda Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi strategik aloqalarni izchil qo‘llab-quvvatlab kelgan respublikachi senator Stiv Deyns Toshkentga tashrif buyurdi.
© Foto: president.uzO‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-sentabr kuni AQSH Kongressi senatori, Senatdagi Markaziy Osiyo bo‘yicha kokus hamraisi Stiv Deynsni qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash hamda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Muzokaralar davomida so‘nggi yillarda ikki tomonlama hamkorlikni har qachongidan ham yuqori darajaga ko‘tarishga erishilgani, muloqotlar va delegatsiyalar almashinuvi jadal sur’at kasb etgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
«Uchrashuv avvalida AQSH senatori davlatimiz rahbari va xalqimizni mamlakat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi», — deyiladi xabarda.
Iqtisodiy loyihalar va hududlararo aloqalar
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalasi tomonlar e’tiboridagi asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘ldi. Xabarga ko‘ra, hozirgi vaqtda energetika, muhim minerallar, transport, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar va sanoat yo‘nalishlarida yirik loyihalar izchil amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, hududlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish masalasi ham muhokama qilindi. Xususan, senator vakili bo‘lgan Montana shtati bilan aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollariga alohida urg‘u berildi.
Bundan tashqari, «S5+1» formatidagi hamkorlik hamda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.





