Shahrisabz ko‘chasidagi BRT yo‘lagining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi
U Shahrisabz, Mirobod va Shota Rustaveli ko‘chalari tutashgan aylanma chorrahadan Amir Temur shoh ko‘chasi bilan kesishmagacha bo‘lgan 1,2 kilometrlik uchastkani qamrab oladi.
© Yoʻl harakatini tashkil etish markazi videosidan kadrToshkent shahrida Shahrisabz ko‘chasidagi BRT yo‘lagining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi. Loyiha 1,2 kilometrlik uchastkani qamrab olgan. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar bermoqda.
Loyihaning birinchi bosqichi Shahrisabz, Mirobod va Shota Rustaveli ko‘chalari tutashgan aylanma chorrahadan Amir Temur shoh ko‘chasi bilan kesishmagacha bo‘lgan 1,2 kilometrlik yo‘l qismini o‘z ichiga olgan.
Yo‘l konstruksiyasi to‘liq qayta qurildi
Qurilish ishlari davomida mavjud asfalt qoplamasini yangilash bilan cheklanilmagan. Katta sig‘imli avtobuslarning muntazam harakati va doimiy yuklamasi hisobga olinib, BRT yo‘lagining yo‘l osti konstruksiyasi to‘liq qayta qurilgan.
Ayrim qismlarda 2 metrdan ortiq chuqurlikkacha qazish ishlari amalga oshirilib, mavjud asos olib tashlangan va yo‘l poydevori qayta shakllantirilgan. Grunt namligi, tuproqning siljishi hamda keyinchalik cho‘kish xavfini kamaytirish maqsadida geotekstil qoplamasi yotqizilgan.
Shundan so‘ng yo‘l asosi bosqichma-bosqich mustahkamlangan. Xususan, 35 santimetr qalinlikdagi qum-shag‘al aralashmasi yotqizilgan, M-75 markali mustahkamlovchi qatlam tashkil etilgan.
Shuningdek, 9 santimetr qalinlikdagi yirik donali asfalt-beton qatlami yotqizilib, yakuniy qoplama sifatida 5 santimetr qalinlikdagi PSHMA-20 qo‘llanilgan.
BRT infratuzilmasi doirasida 5 ta yangi avtobus bekati tashkil etilgan. Jamoat transporti uchun alohida harakat yo‘lagi shakllantirilib, u umumiy transport oqimidan bordyurlar orqali jismonan ajratilgan.
Qurilish ishlari davomida yo‘l harakati to‘liq to‘xtatilmagan. Ishlar markaziy qismdagi tasmalarda bosqichma-bosqich olib borilgan va transport vositalari harakati ko‘chaning ikki yo‘nalishidagi chekka o‘ng tasmalarda saqlab qolingan.
1,2 kilometrlik ushbu uchastka Shahrisabz ko‘chasida BRT infratuzilmasini shakllantirishning birinchi bosqichi hisoblanadi. Umumiy loyiha doirasida Shahrisabz ko‘chasining qariyb 3 kilometrlik qismida BRT yo‘lagini tashkil etish ko‘zda tutilgan.





