
Yuqori inflyatsiya xavfi O‘zbekiston moliya tizimidagi asosiy xatarlardan biriga aylandi
02.06.2025 | 15:202773
Markaziy bank so‘rovnomasiga ko‘ra, geosiyosiy xatarlardan so‘ng, yuqori inflyatsiya xavfi O‘zbekiston moliya tizimi uchun eng katta tahdidlardan biri sifatida qayd etildi. U yarim yil ichida ikki pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi.

O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan moliya bozori ishtirokchilari o‘rtasida o‘tkazilgan navbatdagi so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, inflyatsiya xavflari mamlakat moliya tizimi uchun eng katta tahdidlar ro‘yxatida ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Bu haqda regulyatorning moliyaviy barqarorlik bo‘yicha hisobotida ma’lum qilingan.
So‘rovnomada qatnashgan mutaxassislarning 53 foizi geosiyosiy xatarlarni birinchi o‘rinda deb baholagan bo‘lsa, 37 foizi yuqori inflyatsiyani asosiy xavotirlardan biri deb topgan. Qizig‘i shundaki, olti oy avval o‘tkazilgan so‘rovda inflyatsiya xatarlari to‘rtinchi o‘rinda edi.
Inflyatsiya bilan bog‘liq xavotirlar oshishi Markaziy bankning bu sohadagi siyosatini qayta ko‘rib chiqish ehtimolini kuchaytiradi. Tahlilchilarning fikricha, oziq-ovqat narxlarining o‘sishi, import xarajatlarining ko‘pligi va ichki bozordagi talabning keskin ortishi bunda asosiy omil sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Tizimli xatarlar ro‘yxatidagi keyingi o‘rinlarni valyuta kursining keskin o‘zgarishi (35 foiz), aholi qarz yukining ortishi (29 foiz), banklar tomonidan berilgan kreditlar sifatining yomonlashishi (27 foiz) va kiber xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar (24 foiz) egalladi.
Markaziy bank ushbu xatarlarni muntazam ravishda monitoring qilib borishini va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida zarur choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.





