Logo

Zelenskiy: Tramp «Patriot» raketalari masalasida rozi bo‘ldi

Bugun 08:112 daqiqa

Ukraina rahbari Nyu-Yorkdagi BMT Bosh assambleyasi doirasida Donald Tramp bilan o‘tkazgan muzokaralarining natijasini ma’lum qildi.

Zelenskiy: Tramp «Patriot» raketalari masalasida rozi bo‘ldi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 25-sentabr kuni Donald Tramp unga «Patriot» raketalarini ishlab chiqarish uchun litsenziya berish niyatida ekanini ma’lum qilganini aytdi. Bu haqda Ukraina rahbari jurnalistlarga yo‘llagan ovozli xabarida bildirgan.

«Aniq kelishuvlar mavjud. Prezident Tramp men bilan so‘nggi uchrashuvda shunday ta’kidladi: «Ha, men yakuniy qarorni qabul qildim – Ukraina Patriot raketalarini ishlab chiqarish uchun litsenziyalarni oladi», — dedi u.

BMT Bosh assambleyasidagi muzokaralar

Ma’lum qilinishicha, Zelenskiy va Tramp shu hafta boshida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh assambleyasi doirasida uchrashgan. Ushbu muzokaralarda, Ukraina yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, tomonlar «diplomatiyaga yo‘l ochishi mumkin bo‘lgan keskinlikni pasaytirish qadamlari»ni muhokama qilgan.

«Shu bilan birga, jamoalarimiz Ukrainada Patriot tutuvchi raketalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ustida ishlashda davom etayotganidan minnatdorman», — deya qo‘shimcha qilgan u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.

Hujumlar ko‘lami va strategik ahamiyat

Kiyev anchadan beri ittifoqchilarini ko‘proq tutuvchi raketalar yetkazib berishga chaqirib, mamlakat ichkarisida «Patriot» raketalarini ishlab chiqarish uchun litsenziya olishga harakat qilib keladi.

Kiyevga ko‘ra, mazkur raketalar Rossiyaning ballistik zarbalaridan himoyalanishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Zelenskiyning avvalroq qayd etishicha, Rossiya Ukrainaga qarata har bir yirik hujumida 30 dan 40 tagacha ballistik raketalardan foydalanadi. Bunday keng ko‘lamli hujumlar har oyda kamida 3-5-marta amalga oshiriladi.

Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, «Patriot» tizimlari uchun raketalar ishlab chiqarish litsenziyasi Ukrainaga hozirgi zarbalarni qaytarishda zudlik bilan yordam bermasligi mumkin, chunki ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘p vaqt talab etadi.

Teglar

Mavzuga oid