Isroilda o‘zbekistonlik erkak hibsga olindi

05.03.2026 | 16:433 дақиқа

U sirenalar yangragan paytda video olib, ijtimoiy tarmoqda e’lon qilgan. O‘zbekiston elchixonasi mazkur masala bilan shug‘ullanyapti.



Rakata hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar yangragan paytda video olib, ijtimoiy tarmoqda e’lon qilgan Isroilda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarosi hibsga olindi. Holat aks etgan jarayon ham tarmoqlarda tarqaldi.

O‘zbekistonning Tel Avivdagi elchixonasining ma’lum qilishicha, 2026-yil 28-fevral kuni O‘zbekiston fuqarosi N.X. raketa hujumi va sirenalar yangragan paytda «TikTok» ijtimoiy tarmog‘ida video joylashtirgan. Ushbu videoda nojoiz so‘zlar aytilgani aks etgan bo‘lib, videotasvirlar keyinchalik Isroil ijtimoiy tarmoqlar segmentida ham keng tarqalgan va mahalliy jamoatchilik orasida katta norozilikka sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng Isroil fuqarosi A.X. mazkur holat yuzasidan politsiya organlariga murojaat qilgan.

Bildirilishicha, vaziyatdan xabardor bo‘lishi bilanoq elchixonaning Konsullik bo‘limi tomonidan O‘zbekiston fuqarosi N.X. bilan tezkor tarzda bog‘lanilib, u bilan tegishli suhbat o‘tkazilgan. Shuningdek, Isroil fuqarosi A.X. bilan ham tushuntirish ishlari olib borilgan.

«Ayni paytda O‘zbekiston fuqarosi N.X. xavfsiz sharoitda bo‘lib va mazkur masala elchixonaning Konsullik bo‘limi nazoratida turibdi», – deyiladi.

Shu munosabat bilan, Isroil davlatida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan quyidagilarni so‘raldi:

- mahalliy qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish;

- o‘z xatti-harakatlarida ehtiyotkor bo‘lish hamda turli provokatsiyalardan tiyilish;

- raketa hujumlari paytida Isroil Front orti qo‘mondonligi tomonidan beriladigan barcha xavfsizlik tavsiyalarini so‘zsiz bajarish.

Videoda erkak nima degandi?

Videoda o‘zbekistonlik erkak «Mana hech kim qolmadi, kalamushlar qochib ketdi. Hech kim yo‘q», deb aytgan.

Xabarlarga ko‘ra, bu tasvirlar tarmoqlarda tez tarqalib, ko‘plab isroilliklarning keskin noroziligiga sabab bo‘lgach, erkakni buxorolik san’atkor ko‘chada tanib qolib, huquq-tartibot organlariga xabar bergan va ko‘p o‘tmay politsiya yetib kelib, erkakni so‘roq qilish uchun hibsga olgan.

O‘zbekistonlik erkak bu ayblovni rad etib, video o‘zining tanishlariga qaratilganini aytgan. Uning aytishicha, ogohlantirish paytida tanishlari uni yolg‘iz qoldirib, bombapanohga qochgani uchun shu videoni hazil tariqasida olgan va videoning bu qadar keng tarqalishini kutmagan.

Isroildan O‘zbekistonga qaytish yo‘li

28-fevral kuni Isroil va uning atrofida xavfsizlik vaziyati keskinlashgani munosabati bilan, O‘zbekiston elchixonasi Isroil hududida bo‘lib turgan fuqarolarni xotirjamlik va hushyorlikni saqlashga chaqirgan. Fuqarolarning Isroil hududini vaqtincha tark etish istagi bo‘lgan taqdirda, Isroil tomonidan olingan ma’lumotlarga muvofiq, elchixona tomonidan

Isroil–Misr chegarasidagi «Begin» («Taba») chegara punkti orqali (24 soat davomida ishlamoqda) chiqish taklif qilingan. Amaldagi hujjatlarga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari uchun Sinay yarimoroliga kirishda viza talab etilmaydi. “Taba"dan Sharm ash-Shayxgacha (270 km) avtobus yoki avtomobillarda harakatlanish imkoniyati mavjud. Sharm ash-Shayx aeroportidan aviaqatnov orqali O‘zbekistonga yetib olish mumkin.

Chegara yig‘imlarini ortiqcha kechikishlarning oldini olish maqsadida to‘lovni oldindan onlayn to‘lash tavsiya etiladi. Qolgan quruqlikdagi chegara o‘tish punktlari xavfsizlik uchun tavsiya etilmaydi.

Isroil–Misr chegaralaridagi punktlar ish rejimida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Safarni rejalashtirishdan oldin dolzarb ma’lumotlarni aniqlash tavsiya etiladi.

Теглар

Мавзуга оид