Shavkat Mirziyoyev «Markaziy Osiyo yashil savdo yo‘lagi»ni shakllantirishni taklif qildi

Ostonada o‘tayotgan Mintaqaviy ekologik sammitda qatnashgan O‘zbekiston prezidenti qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Shavkat Mirziyoyev «Markaziy Osiyo yashil savdo yo‘lagi»ni shakllantirishni taklif qildi © Президент матбуот хизмати

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-aprel kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tayotgan Mintaqaviy ekologik sammitning ochilish marosimida ishtirok etdi va so‘zga chiqib, Markaziy Osiyo davlatlari iqlim va ekologiya muammolari qarshisida, xavf-xatarlarni yangi o‘sish nuqtalariga aylantirgan holda, hamkorlikda harakat qilishi lozim ekanini aytdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev qator takliflarni ham ilgari surdi.

Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari

Birinchi taklif atmosfera havosining sifati yomonlashayotgan sharoitda «Markaziy Osiyoning toza havosi» davlatlararo konsorsiumini ta’sis etishdir. Konsorsium sanoatni modernizatsiya qilib, havoga chiqarilayotgan zararli moddalar uchun tozalash tizimlarini joriy etadigan «yashil» moliyalashtirishning qo‘shma operatoriga aylanishi mumkin.

Ikkinchi taklif O‘zbekistondagi Yashil universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Cho‘llanishga qarshi kurashish, qurg‘oqchilikning oldini olish hamda qum va chang bo‘ronlari haqida barvaqt ogohlantirish markaziga mintaqaviy maqom berish.

«Markaz bazasida ilmiy salohiyatni birlashtirish yerlarning degradatsiyasi hamda tuz va changli bo‘ronlarni monitoring qilish bo‘yicha kuchli tizimni yaratish imkonini beradi», – dedi Mirziyoyev.

Uchinchi taklif texnologik o‘tish jarayonlarini tezlashtirish uchun «Markaziy Osiyo yashil savdo yo‘lagi»ni shakllantirish. Imtiyozli bojxona tartiblarini joriy etish va ekomahsulotlar uchun sertifikatlarni o‘zaro tan olish ishlab chiqarishni jadal modernizatsiya qilish va mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.

To‘rtinchi taklif – Markaziy Osiyo iqlim loyihalarining yagona investitsiya portfelini yaratish.

«Bu bizga tarqoq tashabbuslar bilan emas, balki mintaqani rivojlantirish bo‘yicha yaxlit strategiya bilan harakat qilish imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, uni amalga oshirish uchun sheriklarimizda qiziqishni kuchaytiradi», – dedi O‘zbekiston prezidenti.

Beshinchi taklif – Markaziy Osiyo atrof-muhitidagi o‘zgarishlarning yagona mintaqaviy atlasini yaratish. Mirziyoyev bu atlas mintaqadagi cho‘llanish, tuproq degradatsiyasi jarayonlari va suv resurslari holati dinamikasini yaqqol ifoda etadigan fundamental ilmiy-tahliliy bazaga aylanishiga ishonch bildirdi.

Oltinchi taklif – biologik xilma-xillikni saqlash uchun «Markaziy Osiyo Qizil kitobi»ni birgalikda ishlab chiqish. Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Toshkentdagi mintaqaviy ofisi bu ishda muvofiqlashtiruvchi bo‘lishi mumkin.

«Mintaqa «Qizil kitob»i yo‘qolib borayotgan turlarning shunchaki ro‘yxatidan iborat bo‘lib qolmasdan, sohada hamkorlikdagi ishimiz uchun amaliy platformaga aylanishi lozim», – dedi prezident.

Yettinchi taklif – 2027-yilda O‘zbekistonda Butunjahon yoshlar iqlim forumini o‘tkazish. Bokuda bo‘lib o‘tgan «COP-29» anjumani davomida mamlakatlar yoshlari ishtirokida Ekologiya bo‘yicha maslahat qo‘mitasi tuzilgan edi.

Shavkat Mirziyoyev sammit ishtirokchilarini O‘zbekistonda o‘tadigan ekologik tadbirlarga taklif qildi. Ekologik kun tartibini ilgari surish doirasida shu yilning 31-may – 5-iyun kunlari Samarqandda Global ekologik fondning sakkizinchi assambleyasi, sentabr oyi oxirida esa Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumi bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston nimalar qilmoqda?

Prezident nutqi davomida mamlakat ekologik barqarorlikni shakllantirish bo‘yicha aniq maqsadli va tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirayotganiga ham to‘xtaldi.

«Yashil makon» loyihasi doirasida qariyb 1 milliard tup daraxt va buta ekildi. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ortiq maydonda o‘rmonzorlar barpo etilib, yangi «yashil belbog‘»lar yaratilmoqda. Bizning tashabbusimiz bilan BMT Bosh Assambleyasining «O‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha harakatlar o‘n yilligi» rezolyutsiyasi qabul qilindi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning qayd etishicha, O‘zbekiston suvni tejash borasidagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar natijasida yiliga 10 milliard kub metr suvni iqtisod qilmoqda. Generatsiya quvvatlarida «yashil» energetika ulushi allaqachon 30 foizga yetdi, joriy o‘n yillikning oxiriga borib esa 50 foizdan oshadi.

«Biz Parij bitimi bo‘yicha zararli chiqindilarni 35 foizga kamaytirish majburiyatini muddatidan oldin bajardik va oldimizga yangi maqsad – ularni 2035-yilgacha ikki barobar qisqartirish vazifasini qo‘ydik», – dedi prezident.

Bildirilishicha, chiqindilardan energiya ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar faol amalga oshirilmoqda. Joriy yilda chiqindilarni yoqish bo‘yicha ikkita yangi zavod ishga tushiriladi, yana 9 tasi esa kelgusi ikki yil davomida faoliyatini boshlaydi. Ularning ishga tushirilishi har yili 5,5 million tonna chiqindini utilizatsiya qilish, 2,2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish, shuningdek, chiqindilar hajmini 1 million tonnadan ortiqqa qisqartirish imkonini beradi.

Ma’lumot uchun, tadbirda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Armaniston prezidenti Vaagn Xachaturyan, Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze va Ozarbayjon bosh vaziri Ali Asadov hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ham qatnashdi.

Теглар

Мавзуга оид