
4 ta hududda «Aqlli» migratsiya shoxobchalari tashkil etiladi
Migratsiya va personallashtirish bo‘linmalarida o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan, sun’iy intellekt asosidagi shoxobchalar tashkil qilinadi.

O‘zbekistonda migratsiya xizmatlarini raqamlashtirish yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. 2026 yil 19-yanvarda qabul qilingan Prezidentning PQ–14-son qaroriga muvofiq, migratsiya va personallashtirish sohasida sun’iy intellektga asoslangan «Aqlli» xizmatlar joriy etiladi.
Qarorga binoan, 2026 yil 1-maydan eksperiment tariqasida Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bittadan tuman yoki shahar migratsiya va personallashtirish bo‘linmalarida «Aqlli» migratsiya shoxobchalari tashkil etiladi. Ushbu shoxobchalarda fuqarolar navbat kutishsiz, raqamli interfeys orqali xizmatlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Dastlabki bosqichda «Aqlli» migratsiya shoxobchalarida belgilangan davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Keyinchalik esa, Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega xizmatlar turlari bosqichma-bosqich kengaytiriladi. Bu jarayon xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va ma’muriy xarajatlarni qisqartirishga qaratilgan.
Shuningdek, chet el fuqarolariga O‘zbekiston hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalarni rasmiylashtirish ham mazkur idoralar zimmasiga yuklanadi. Bu esa mehnat migratsiyasini tartibga solishda muhim qadam hisoblanadi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1-sentabrdan talabalar yotoqxonasiga joylashish shartnomasi tuzilishi bilan bir vaqtda ularni turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishning kompozit tartibi joriy etiladi.
Avvalroq, 2026 yil 1-maydan Migratsiya va personallashtirish departamenti hamda uning hududiy boshqarmalariga elektron kirish vizasi asosida mamlakatga kirgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning vizalarini bir marta 30 kungacha uzaytirish vakolati berilishi haqida xabar bergandik.





