
Migratsiya departamentiga elektron vizalarni 30 kungacha uzaytirish huquqi berildi
Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya departamentiga O‘zbekistonga elektron viza bilan kirgan xorijliklar vizasini 30 kungacha uzaytirish huquqi berildi.

Shavkat Mirziyoyev 19-yanvar kuni ichki ishlar organlarining migratsiya va shaxsni identifikatsiya qilish sohasidagi faoliyatini raqamlashtirishga qaratilgan qarorni imzoladi. Hujjatda migratsiya xizmatlarini yanada samarali va shaffof qilish, shuningdek, xorijiy fuqarolar uchun qulayliklarni kengaytirishga oid bir qator muhim yangiliklar belgilandi.
Qarorga muvofiq, 2026 yil 1-maydan boshlab Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti hamda uning hududiy boshqarmalariga elektron kirish vizasi asosida O‘zbekistonga kelgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning vizalarini bir martagacha 30 kunga uzaytirish huquqi beriladi. Bu amaliyot mamlakatga qisqa muddatli safar bilan kelganlar uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Shuningdek, xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston hududida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi tasdiqnomani rasmiylashtirish vakolati ham ushbu departament va uning hududiy bo‘linmalariga yuklanadi. Bu esa mehnat migratsiyasi jarayonlarini markazlashtirish va tezlashtirishga xizmat qiladi.
Qarorda hududiy ichki ishlar organlari rahbarlariga qo‘shimcha vakolatlar ham berilgan. Jumladan, ta’lim muassasalari yoki korxona va tashkilotlarda viza muddatini uzaytirish va ro‘yxatga olish ishlari uchun shartnoma asosida qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1-sentabrdan talabalarni yotoqxonaga joylashtirish bilan bir vaqtda turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishning kompozit tartibi joriy etiladi. 1-fevraldan esa ID kartalarni birinchi marta olayotgan fuqarolarga elektron raqamli imzo sertifikati bepul taqdim etilib, «Elektron hukumat» tizimida avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyoti joriy etiladi.





