«Asosiy maqsad — iqtisodiy muvozanatni saqlash» — Temur Ishmetov Yaqin Sharqdagi urushning O‘zbekistonga ta’siri haqida gapirdi
Markaziy bank raisi global majoroning O‘zbekiston iqtisodiyotiga bilvosita ta’siri, inflyatsion bosim va valuta kursi erkinligining ahamiyati haqida to‘xtaldi. Uning fikricha, bu sharoitda asosiy stavkaning oshirishga hali erta bo‘lib, vaziyat taqazo qilganda pul-kredit siyosatini qayta ko‘rib chiqish mumkin.

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Uzreport TV kanaliga bergan intervyusida Yaqin Sharqdagi urushning O‘zbekistonga ta’siri, asosiy stavkani ko‘tarish va boshqa masalalar haqida gapirib o‘tdi.
Ishmetov majoro birinchi navbatda neft narxlariga ta’sir qilayotgani, bu esa o‘z navbatida global inflatsiyaga bosim o‘tqazayotganini ta’kidladi.
Bundan tashqari faqat neft emas, hududdagi logistika zanjirlarining buzilishi va transport muammolarining yuzaga kelishi ham inflyatsion bosimni kuchaytirayotgan asosiy omillardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Bunday murakkab sharoitda markaziy banklar oldida muhim savol paydo bo‘lmoqda: inflatsiyani jilovlash ustuvor bo‘lishi kerakmi yoki iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashmi?
Timur Ishmetov bu masalaga to‘xtalib, hozirgi vaziyat oddiy va tezkor yechimlarni emas, balki chuqur tahlil va ehtiyotkor siyosatni talab qilishini qayd etdi. Uning fikricha, global shoklarning mamlakat iqtisodiyotiga qanday kanallar orqali ta’sir qilishini to‘g‘ri baholash va shunga mos choralar ko‘rish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.
Notinch vaziyatda XVJ Markaziy banklarga nimalarni tavsiya qilmoqda?
Ishmetovga ko‘ra, geosiyosiy xatarlar fonida markaziy banklar faqat narxlar barqarorligini ta’minlash bilangina cheklanib qolmasligi, balki moliyaviy tizimning umumiy barqarorligini ham nazorat ostida ushlab turishi zarur bo‘ladi.
Sababi tashqi shoklar, ayniqsa savdo hamkor davlatlar iqtisodiyotiga ta’sir qilsa, bu bevosita eksport-import operatsiyalari orqali ichki bozorga ham o‘tadi.
Urush O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi?
Markaziy bank raisining ma’lum qilishicha, Yaqin Sharqdagi urushning O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siri kamroq, lekin bilvosita ta’sirni yumshatish uchun choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, transport narxlari oshishi hisobiga ayrim oziq-ovqat mahsulotlariga salbiy ta’sir bo‘lmasligi uchun, oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishda transportlarga subsidiya e’lon qilingan. Biroq, bu subsidiya mexanizmlari shaffof, maqsadli va qisqa muddatli bo‘lishi lozim ekani aytildi.
Foiz stavkalari qanday o‘zgaradi?
Urushning O‘zbekistonga ta’siri va buning ortidan asosiy stavkaning ko‘tarilishi haqidagi savolga Markaziy bank raisi shunday javob berdi:
“Asosiy stavkani oshirish bo‘yicha hali gapirishga erta. Bizda monetar siyosatning qat’iylik darajasi ancha yuqori deb hisoblayman. Biz bu yerda inflatsiya bilan birga baribir iqtisodiy o‘sish orasidagi balansni saqlab turish haqida o‘ylashimiz kerak”, — deydi Timur Ishmetov.
Ishmetovning ta’kidlashicha, agar global xatarlar saqlanib qolsa yoki kuchaysa, mavjud vaziyatdan kelib chiqib pul-kredit siyosatini qayta ko‘rib chiqish va zarur hollarda unga tegishli o‘zgartirishlar kiritish mumkin.
“Bizda hozir asosiy masala inflatsiyadan ko‘ra valuta ayirboshlash kursining erkinligini saqlab turish. Mana o‘tgan yili e’tibor bergan bo‘lsanglar almashuv kursining tebranishini ancha kengayani hisobiga milliy valutani qadri oshgan. Bu masala juda ham muhim bo‘lib qolmoqda. Kursning erkinligi o‘z navbatida shu inflatsiya salbiy shoklarining ta’sirini yumshatishga yordam beradi”, — deydi Markaziy bank raisi.
Banklar xalqaro standartlarga o‘tadi
Timur Ishmetovning aytishicha, yil oxirigacha O‘zbekiston banklarida muammoli kreditlarni hisoblash bo‘yicha xalqaro standartlarga asoslangan metodologiyaga o‘tiladi.
Xalqaro tashkilotlar tomonidan moliya sektoriga alohida e’tibor qaratish tavsiya etilmoqda. Xususan, bank tizimida aktivlar sifatini yaxshilash, risk-menejmentni kuchaytirish va kreditlashda yanada ehtiyotkor yondashuvni qo‘llash dolzarb vazifalardan biri sifatida ko‘rilmoqda.





