Auksionda shifoxona sifatida sotilgan obyekt o‘rnida uylar qurilmoqda
Zangiota tumanida salkam 30 ming aholiga xizmat ko‘rsatgan sobiq shifoxona auksion orqali xususiylashtirilgan. Savdo shartlariga ko‘ra, obyektning tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyati saqlanishi kerak edi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay hududda ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlangan. Aholi esa shifoxona, yashil hudud va infratuzilma o‘rniga qurilish ketayotganidan norozi.
Auksionda shifoxona sifatida sotilgan obyekt
Toshkent viloyati Zangiota tumani, O‘rtaovul hududidagi Toshkent go‘sht kombinati ko‘chasi 3a-uy manzilida joylashgan sobiq ko‘p tarmoqli shifoxona ayni paytda qurilish maydoniga aylangan. O‘tgan asrning 70–80-yillarida qurilgan ushbu tibbiyot muassasasi atrofidagi hududda bugun binolar buzilmoqda, daraxtlar kamaymoqda va ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlangan.
Muammo shundaki, obyekt auksionga chiqarilgan paytda uning asosiy faoliyati tibbiy xizmat ko‘rsatish etib belgilangan edi. 2025-yil 6-fevral kuni sobiq shifoxona boshlang‘ich bahosi 80 foizga pasaytirilgan holda auksionga chiqarilgan. Davlat komissiyasi qaroriga ko‘ra, obyektni sotib olgan shaxs tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini saqlab qolishi shart edi. Savdoda fuqaro Shuxrat Shukurov g‘olib bo‘lgan. Aholi esa shifoxona ta’mirlanib, qayta ishga tushirilishidan umid qilgan.
Aholi: “Bu yer shifoxona deb sotilgan”
“Kimoshdi savdosida bu yer shifoxona deb sotilgan o‘zi asli. Hozir uy boshlandi. Qancha-qancha daraxtlarimiz kesilib ketdi. Shifoxona qilib, qancha-qancha odamlar sarson, tuman markaziga qatnab yotibdi”, — deydi mahalliy aholi vakillaridan biri. Uning aytishicha, hududda ichimlik suvi, dam olish va bolalar o‘ynashi uchun joy bilan bog‘liq muammolar ham mavjud. Shunga qaramay, sobiq shifoxona o‘rnida ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlangani aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Hujjatlarda nima deyilgan?
Aholining e’tirozlari hujjatlarda keltirilgan ma’lumotlar bilan ham bog‘liq. Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2025-yil 22-avgustdagi xatida obyekt bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini saqlash majburiyati ko‘rsatilgan. Shuningdek, Davlat kadastrlari palatasi tomonidan 2025-yil 8-mayda berilgan pasportda yerdan foydalanish turi “ambulatoriya-poliklinika xizmatini ko‘rsatish” deb qayd etilgan. Ammo keyingi hujjatlar vaziyatning o‘zgarganini ko‘rsatadi. Kadastr ma’lumotlariga ko‘ra, obyekt fuqaro nomidan “AVANGARD ORIGINAL” MCHJ nomiga o‘tkazilgan. 2025-yil 11-avgust kuni Zangiota tumani qurilish bo‘limi tomonidan obyekt ixtisosini o‘zgartirish va uni noturar joy toifasidan turar joy toifasiga o‘tkazish uchun ruxsat berilgan. 2025-yil 11-dekabr kuni esa Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi Arxitektura kengashi ushbu hududda o‘rta qavatli ko‘p xonadonli turar joy majmuasi qurilishiga ijobiy xulosa bergan. Shu tariqa asosiy savol paydo bo‘ladi: auksion shartlarida tibbiy faoliyatni saqlash majburiy qilib belgilangan obyekt qanday asosda turar joy qurilishi uchun moslashtirildi?
“Shifoxona yopilgach, tuman markaziga borishga to‘g‘ri kelmoqda”
Bu savolning huquqiy jihatidan tashqari, hudud aholisi uchun uning ijtimoiy oqibati ham bor. Sobiq shifoxonada ishlagan fuqarolardan biri u yerda terapiya, xirurgiya, kardiologiya va tug‘ruqxona bo‘limlari bo‘lganini aytadi.
“O‘zim shu yerda necha yil ishlaganman shifoxonada. Terapiya bor edi, xirurgiya bor edi, kardiologiya bor edi, tug‘ruqxona bor edi. Hammasini yopib, keyin ochishmadi, xarobaga aylantirishdi. Shifoxona qurib beramiz deb buzib tashlab hammasini, endi uy qurilyapti”, — deydi u. Uning ta’kidlashicha, shifoxonaning tugatilishi bilan aholi tuman markazidagi tibbiyot muassasalariga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa navbat va joy yetishmasligi muammosini keltirib chiqarmoqda.
Yana bir fuqaro ham mahalladagi yagona shifoxonaning buzilib, uning o‘rniga uy qurilayotganidan noroziligini bildiradi: “Bizning mahallamizdagi bittagina shifoxonani buzishib, o‘rniga uy qurishyapti. Bunga biz norozimiz. 30 ming aholiga shifoxona kerak. Tuman markaziga borish uchun navbat olish kerak ekan.”
Qurilish sabab poliklinikaga ham zarar yetgan
Masala faqat sobiq shifoxona binosining taqdiridan iborat emas. Hozir hududda faoliyat yuritayotgan davlat tibbiyot muassasalaridan biri — 17-sonli oilaviy poliklinika ham qurilish jarayonidan zarar ko‘rgan. Qurilish nazorati inspeksiyasining 2026-yil 25-iyundagi javob xatida tadbirkor tomonidan binolarni demontaj qilish vaqtida poliklinikaning asosiy beton konstruksiyalariga zarar yetkazilgani qayd etilgan. Inspeksiya texnik xulosa olinmaguncha demontaj ishlarini to‘xtatish bo‘yicha kafolat xati olinganini bildirgan. Hududda yashovchi yosh ona esa qurilishning kundalik hayotga ta’sirini shunday tasvirlaydi: “Mana shu bolam hozir to‘rt yarim yosh bo‘ldi. Kasaldan boshi chiqmaydi. Yotmagan shifoxonamiz, ko‘rsatmagan do‘xtirimiz qolmadi. Bu yerda chang, hamma yoq. Derazalarimizni ochsak, chang kiryapti”. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilishdagi shovqin ham aholiga noqulaylik tug‘dirmoqda.
“Avval infratuzilmani hal qilishsin”
Mahalladagi yana bir muammo — yangi qurilishning mavjud infratuzilmaga qanday ta’sir qilishi. Fuqarolardan biri hududda ichimlik suvi, elektr, gaz va kanalizatsiya bilan bog‘liq muammolar borligini aytadi. “O‘zi 29 ta uy. Kanalizatsiya muammo. Ichimlik suvi muammo, gaz muammo, elektr energiyasi muammo. Shunga qaramasdan yana mana bu yerda to‘qqiz etajli uylarni tiqishyapti shu yerga, kasalxonaning o‘rniga”, — deydi u. Uning fikricha, yangi uylar qurilishidan oldin hududdagi asosiy infratuzilma masalalari hal etilishi kerak.
Bu masala Qurilish vazirligining aholiga bergan javobida keltirilgan ma’lumotlar bilan yanada murakkablashadi. 2026-yil 7-iyuldagi javobda obyekt bo‘yicha rasmiylashtirilgan hujjatlarga asosan, uning negizida tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini saqlash nazarda tutilmagani qayd etilgan. Ya’ni bir tomonda — auksion shartlari va ayrim hujjatlarda tibbiy faoliyatni saqlash talabi. Ikkinchi tomonda esa — keyingi qurilish hujjatlarida turar joy majmuasiga yo‘l ochilgan.
“Shifoxona bilan birga yashil hudud ham yo‘qolmoqda”
Aholining e’tirozlari tibbiyot bilan cheklanmaydi. Sobiq xodimning aytishicha, shifoxona hududida yillar davomida katta daraxtlar, archalar va boshqa yashil maydonlar bo‘lgan. Hozir esa ularning bir qismi yo‘q qilinmoqda.
“Bu yerda qanchadan-qancha, necha yil oldin ekilgan katta-katta daraxtlar bor edi, archalar bor. Mening ham o‘zimning to‘rtta nevaram bor. Hammasi allergiya. Chang, to‘zon har kuni. Archalar, qanchadan-qancha archalar, daraxtlar kesilib ketyapti”. Fuqaroning aytishicha, shifoxona nafaqat tibbiy xizmat, balki hudud aholisi uchun ish o‘rinlari va yashil maydon vazifasini ham bajargan.
1975-yildan beri shu hududda yashashini aytgan yana bir fuqaro ham ilgari mahalladagi turli ijtimoiy obyektlar va yashil hududlar qisqarib borganini ta’kidlaydi. “Mana endi navbat shifoxonaga keldi. Mana shu shifoxona 1973-yildan beri xalqqa xizmat qilib kelardi. Hozirgi kunda Yangiyo‘ldan to‘rtta mahalla qo‘shilib, 30 mingga yaqin aholi bo‘lib qoldi”. U hududda suv, gaz va elektr bilan bog‘liq muammolar borligini ta’kidlab, yangi ko‘p qavatli uylar qurilishi mavjud infratuzilmaga qanday yuklama berishi masalasini ko‘targan.
KOMPANIYA HAQIDA
Endi bu qurilish ortida turgan kompaniya — “AVANGARD ORIGINAL” MCHJ haqida. Bu yerda e’tiborni tortadigan jihatlardan biri — kompaniyaning o‘zi juda yangi.
“AVANGARD ORIGINAL”MCHJ 2025-yil 21-fevralda ro‘yxatdan o‘tgan. Uning asosiy faoliyat turi — turar joy binolarini qurish. Ustav fondi esa 8 milliard 100 ming so‘mni tashkil etadi. Kompaniya rahbari — Farxod Isamuhamedov.
Ochiq ma’lumotlarda kompaniyaning bundan oldin nechta turar joy majmuasi yoki ko‘p qavatli bino qurgani haqida tasdiqlangan ma’lumot yo‘q. Ya’ni kompaniyaning 2025-yilda tashkil etilganini hisobga olsak, uning aynan “AVANGARD ORIGINAL” nomi ostidagi qurilish faoliyati tarixi juda qisqa. Hozircha ochiq manbalarda kompaniyaning buyurtmachi sifatida ko‘rinayotgan yirik loyihalaridan biri — aynan biz gapirayotgan sobiq shifoxona hududidagi turar joy majmuasi.
Qurilish nazorati tizimidagi obyekt pasportida “AVANGARD ORIGINAL” MCHJ buyurtmachi sifatida ko‘rsatilgan. Obyekt esa o‘rta qavatli ko‘p xonadonli turar joy majmuasi deb qayd etilgan. Qurilishga ruxsat 2026-yil 9-iyulda berilgan. Loyihachi — “DDD ABAT” MCHJ, pudratchi esa “ABDUMALIK FAYZ QURILISH”MCHJ.
Demak, bu yerda qurilishni bevosita “AVANGARD ORIGINAL”ning o‘zi olib borayotgani emas, balki u buyurtmachi, qurilish ishlarini esa boshqa pudrat tashkiloti amalga oshirayotgani ko‘rinadi.
Yana bir muhim jihat: obyektning hujjatlarida binolarning aniq qavatlar soni emas, “o‘rta qavatli ko‘p xonadonli turar joy majmuasi” degan ta’rif berilgan. Mahalliy aholi esa hududda to‘qqiz qavatli uylar qurilayotganini aytmoqda. Shunday qilib, kompaniya 2025-yilda tashkil etilgan, uning asosiy faoliyati turar joy qurilishi va hozirgi obyekt bo‘yicha buyurtmachi sifatida aynan shu kompaniya ko‘rsatilgan.
Ammo bu yerda yana bir savol paydo bo‘ladi: endi tashkil etilgan kompaniya qanday qilib sobiq shifoxona kabi yirik obyekt bilan bog‘liq qurilish loyihasining buyurtmachisiga aylandi?
Asosiy savollar ochiq qolmoqda
Zangiotadagi sobiq shifoxona atrofidagi vaziyat bir nechta savolni kun tartibiga chiqarmoqda.
Birinchisi — agar obyekt auksionga chiqarilayotganda uning asosiy faoliyati tibbiy xizmat ko‘rsatish etib belgilangan bo‘lsa, keyinchalik uni turar joyga aylantirishga qaysi huquqiy asosda ruxsat berilgan?
Ikkinchisi — salkam 30 ming aholiga xizmat ko‘rsatgan shifoxona o‘rnida ko‘p qavatli uylar qurilishi hududning mavjud suv, elektr, gaz va kanalizatsiya infratuzilmasiga qanday ta’sir qiladi?
Uchinchisi — qurilish vaqtida amaldagi 17-sonli oilaviy poliklinikaning konstruksiyalariga yetkazilgan zarar uchun kim javob beradi?
To‘rtinchisi — hududdagi daraxtlar va yashil maydonlarning qisqarishi bo‘yicha qanday choralar ko‘rilgan?
Va nihoyat, eng asosiy savol: davlat mulkini xususiylashtirishda belgilangan dastlabki shartlar keyinchalik boshqa qaror va ruxsatnomalar orqali o‘zgartirilishi mumkinmi?
Aholi shifoxona qayta tiklanishi, yashil hudud saqlanishi va yangi qurilish mavjud infratuzilma imkoniyatlaridan kelib chiqib amalga oshirilishini so‘ramoqda. Masala bo‘yicha tegishli davlat tashkilotlaridan ushbu savollarga huquqiy asoslar va hujjatlar bilan javob kutib qolamiz.
Baxtiyor To‘xtayev, jurnalist
Operator va montajchi: Miroqil Xayrullayev
Teglar


