
Avstraliyalik bolalarga ijtimoiy tarmoq taqiqi qo‘yilganiga bir oy bo‘ldi. «Raqamli parhez» natija berdimi?
16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanganidan keyin avstraliyalik bolalar hayotida kutilmagan o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

Avstraliya o‘n yillikdagi eng yirik ijtimoiy tajribalarlardan birini boshlab, 16 yoshga to‘lmagan o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni qonunan cheklaganiga bir oy to‘ldi. BBC o‘tkazgan kuzatuvlarga ko‘ra, ushbu qaror ayrim oilalarda ijobiy natija bergan bo‘lsa, boshqalarida murakkabliklarni keltirib chiqargan.
14 yoshli Emi uchun dastlabki kunlar oson kechmagan: u har kuni ertalab odatdagidek qo‘liga telefonini olishga intilganini aytgan. Biroq to‘rt kundan so‘ng u kutilmagan yengillikni his qilgan. Emiga ko‘ra, uni eng ko‘p charchatgan narsa Snapchat'dagi «seriyalar» (Snapstreaks) bo‘lgan — bu har kuni do‘stlariga rasm yuborib turish majburiyati edi. Ushbu raqamli bosimdan qutulgan qiz yugurish, kitob o‘qish va to‘qish bilan shug‘ullana boshlagan, telefonga sarflaydigan vaqti esa ikki barobarga kamaygan.
BBC'ning yozishicha, barcha o‘smirlar ham bu «raqamli parhez»ga moslasha olmagan. 13 yoshli Axil ijtimoiy tarmoqlar o‘rnini taqiqqa tushmagan Roblox kabi o‘yin platformalari va Discord bilan to‘ldirgan. Uning onasi o‘g‘lida asabiylik kuchayganini aytgan. Psixologlar bunday holatni vaqtinchalik «chekinish sindromi» bilan izohlamoqda, chunki ijtimoiy tarmoqlar ko‘p o‘smirlar uchun stressni kamaytirish vositasi bo‘lib kelgan.
Shu bilan birga, ayrim yoshlar taqiqni chetlab o‘tish yo‘llarini ham topgan. 15 yoshli Lulu yoshini kattaroq ko‘rsatib, yangi akkauntlar ochganini yashirmagan. Ammo u ham ijtimoiy tarmoqlardagi bekorchi vaqt o‘rniga kitob o‘qishga ko‘proq e’tibor qarata boshlaganini tan olgan.
Qiziq jihati, axborotdan uzoqlik ba’zan ruhiy himoya vazifasini ham bajargan. Ayrim o‘smirlar fojiali voqealarga oid xabarlardan chetda qolib, ruhiy tushkunlikdan saqlangan.
Tanqidlarga qaramasdan, Avstraliya hukumati tajriba samarali bo‘lishiga ishonmoqda. Aloqa vaziri Anika Uells ta’kidlashicha, maqsad — bolalarga algoritmlar ta’sirisiz, real hayotda shakllanish uchun qo‘shimcha vaqt berishdir.





