Logo

Ayrim ishdan bo‘shatilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlanadi

Bugun 11:132 daqiqa

Pensiya tayinlanganidan keyin ishsizlik nafaqasini to‘lash keyingi oydan boshlab to‘xtatiladi.

Ayrim ishdan bo‘shatilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlanadi © uznews

Hukumatning 2026-yil 28-sentabrdagi 519-sonli qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga ko‘ra, O‘zbekistonda ayrim ishdan bo‘shatilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlanadi.

Unga ko‘ra, mehnat shartnomasi alohida asoslarga ko‘ra bekor qilingan, umumiy mehnat staji 25 yildan kam bo‘lmagan 58 yoshdan 60 yoshgacha erkaklar va umumiy mehnat staji 20 yildan kam bo‘lmagan 53 yoshdan 55 yoshgacha ayollar muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlash uchun taqdimnoma rasmiylashtirish bo‘yicha YAIDXP orqali so‘rovnoma yuboradi.

Mehnat shartnomasi bekor qilingani haqidagi buyruq nusxasi ilova qilinadi. Mehnat staji to‘liq raqamlashmagan bo‘lsa, mehnat daftarchasi nusxasi ham taqdim etiladi. Mahalliy mehnat organi hujjatlarni 2 ish kuni ichida tekshiradi.

Shundan so‘ng, ariza beruvchi ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinadi va unga 3 oy davomida maqbul ish topish choralari ko‘riladi. Agar 3 oy davomida maqbul ish topilmasa, shaxs ishsiz deb e’tirof etiladi va muddatidan oldin pensiya tayinlash uchun taqdimnoma Pensiya jamg‘armasiga yuboriladi.

Pensiya tayinlanganidan keyin ishsizlik nafaqasini to‘lash keyingi oydan boshlab to‘xtatiladi.

Bundan tashqari, ana shu hujjat bilan mehnat shartnomasi alohida asoslarga ko‘ra bekor qilingan xodimlarga ish joyidan uchinchi oyga o‘rtacha oylik ish haqi to‘lash tartibi ham belgilandi. Bunda xodim mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan so‘ng 30 kalendar kun ichida YAIDXP orqali murojaat qiladi. 30 kunlik muddat o‘tgandan keyin berilgan murojaat ko‘rib chiqilmaydi.

Hujjatlar to‘liq bo‘lsa, mahalliy mehnat organi shaxsni ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga oladi va bu haqda ma’lumotnoma yuboradi. Berilgan ma’lumotnoma asosida uchinchi oy uchun ham avvalgi ish joyidan o‘rtacha oylik ish haqini olish huquqiga ega bo‘ladi.

Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun to‘lov undirilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ishlamaydigan oila a’zolari uchun ijtimoiy soliq to‘lash imkoniyati yaratilishi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid